“O‘zbekneftgaz” AJ vakillaridan iborat ishchi guruh Texron shahrida 14-16-may kunlari o‘tkazilgan neft va gaz ko‘rgazmasida ishtirok etdi.

Ko‘rgazma doirasida Eron Islom Respublikasi Neft vazirligi tarkibiga kiruvchi bir qator tashkilot, korxonalar bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Xususan, Eron milliy neft kompaniyasi (National Iranian Oil company, NIOC) hamda Milliy neft-kimyo kompaniyasida (National Petrochemichal Company, NPC) neft va gazni qayta ishlash loyihalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, NIOC kompaniyasi kuniga o‘rtacha 4 mln barrel neft va 500 mln kub metr gazni qazib chiqarish imkoniyatiga ega.

Uchrashuvlar davomida “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari tomonidan bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida neft va gaz sanoatida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari, investitsiya loyihalari, korxonalarning ishlab chiqarish imkoniyatlari, barpo etilayotgan texnologik kimyoviy klasterlar haqida axborot berildi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida Eron kompaniyalarining faoliyatiga bag‘ishlangan hamda qayta ishlash sanoati, neft-gaz kimyosi sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

O‘z navbatida, eronliklarga “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari, import mahsulotlar nomenklaturasi, turi, texnik talablari, xarid tartib-qoidalari bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar berildi.

Kompaniyalar vakillari bilan zavodlar darajasida hamkorlikda ishlash bo‘yicha mutaxassislarni belgilab olish, o‘zaro imkoniyatlarni o‘rganib chiqish bo‘yicha takliflar olishga kelishildi.

Uchrashuvda "O‘zbekneftgaz" AJ hamkorlikda polimer mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, quvurlar va plyonkalar uchun kompozit polimerlar ishlab chiqarish imkoniyati, shuningdek polimerlarning yangi markalarini o‘zlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz