O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 9 iyulda imzolangan, PQ–4388-sonli "Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarorga muvofiq, "O‘zbekneftgaz" AJ oldiga qator vazifalar qo‘yildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi boshchiligida, Jamiyat tarkibiga kiruvchi korxonalarda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

"Ernst & Young Advisory" kompaniyasi bilan hamkorlik o‘rnatilib, "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJda rejadagi ishlar boshlab yuborildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ, "Ernst & Young Advisory" kompaniyasi hamda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" vakillari ishtirokida o‘zaro hamkorlik va loyihalarning amalga oshirilishi yuzasidan muhokamalar o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, navbatdagi yig‘ilishda ushbu kompaniya tomonidan berilgan tavsiyalar muhokama qilinib, loyihalarning keyingi bosqichlarda amalga oshirish borasida berilgan bir qator tavsiyalar o‘rganib chiqildi.

Ta’kidlash kerakki, ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini oshirish va xarajatlarni optimallashtirish, shuningdek mustaqil xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda korxonalar faoliyatini takomillashtirish "O‘zbekneftgaz" AJ o‘z oldiga qo‘ygan asosiy vazifalardan biridir.

Samarali xizmat ko‘rsatish strategiyasini yaratish uchun ishonchlilik tizimini boshqarish , shu jumladan qurilmalarni tasniflash va toifalash taklif etildi.

Favqulodda to‘xtalishlarning asosiy sababini aniqlash uchun "O‘zbekneftgaz" AJ tizimiga kiruvchi korxonalarda diagnostika va ishonchlilik xizmatlarini yaratish varianti ham ilgari surildi.

Eslatib o‘tamiz, qurilmalar toifalarga ajratilgan so‘ng, favqulodda texnik zaxira tuziladi va bu o‘z navbatida texnologik jarayonlarda muhim bo‘lgan qurilmalarning uzoq muddatga to‘xtab qolishini oldini oladi hamda xom-ashyoning texnologik yo‘qotishlarini kamaytiradi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz