Keng doiradagi iqtisodchilarga ma’lum bo‘lganidek, real iqtisodiy sektor sub’yektlari (mahsulotlar ishlab chiqarish, ish va xizmatlar ko‘rsatuvchi biznes sub’yektlari), moliyaviy sohadagi tashkilotlar faoliyati samaradorligi, umuman, iqtisodiyot rivojida moliyaviy hisobotlarning o‘ziga xos o‘rni bor. Shu ma’noda, muhratam Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 24-fevralda 4611-sonli “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilinishi yurtimizda ushbu yo‘nalishda ham jiddiy ishlarga qo‘l urilayotganidan dalolat beradi. Binobarin, biz xalqaro biznes hamjamiyatiga, jahon bozoriga intilayotgan ekanmiz, faoliyatimiz ham xalqaro standartlarga mos bo‘lishi davr talabidir.
Mazkur qarordagi talablar, 2019-yil 9-iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4388-sonli “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mantiqiy davomiy bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, ushbu qarorning 12-bandida «O‘zbekneftgaz» AJga 2019-yil yakunidan boshlab, moliyaviy hisobotlar majburiy tartibda moliyaviy hisobot yuritishning xalqaro standartlariga muvofiq tuzilishi va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda mustaqil tashqi audit o‘tkazilishi hamda 2020-yil yakunidan boshlab, Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS)ni qo‘llash hamda har chorakda faoliyatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha moliyaviy hisobot tuzish va e’lon qilish bo‘yicha vazifalar yuklangan.
Ilgari xabar berganimizdek, mazkur qarorlardagi vazifalar o‘z vaqtida va samarali bajarilib kelinmoqda, ya’ni “O‘zbekneftgaz” AJ 2016-yildan boshlab 2019-yilgacha bo‘lgan moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalarini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida tayyorlangan Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda aks ettirib, ushbu hisobotlarni xalqaro miqyosda katta nufuzga ega bo‘lgan bo‘yicha “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan auditorlik tekshiruvidan o‘tkazdi va ijobiy xulosalar olishga erishildi (barcha hisobotlar va auditorlik xulosalari www.ung.uz veb-saytida e’lon qilingan).
Albatta, ko‘pchilik qiziquvchilarda tabiiy bir savol tug‘iladi. MHXS o‘zi nima degani?
Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari – moliyaviy hisobotlarni tuzish uchun hujjatlar to‘plami, moliyaviy hisobotlarning tuzilishini tartibga soluvchi reglament bo‘lib, tashqi foydalanuvchilar tomonidan biror-bir tashkilotga nisbatan iqtisodiy qaror qabul qilish uchun foydalaniladi. Ya’ni, oddiy misol tariqasida keltirsak, bu xorijiy investorlarni mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tashkilotlarning (kompaniya, korporatsiya, aktsiyadorlik jamiyatlari) aktsiyalari, qimmatli qog‘ozlari va boshqa turdagi investitsiya jalb qilishi mumkin bo‘lgan moddiy boyliklarning istiqbolda o‘sishi yoki pasayishini tahlil qilishi uchun zarur axborotlar bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi.
MHXSning jihatlaridan yana biri shundaki, moliyaviy hisobotlarni tayyorlashda aktivlar, majburiyatlar, daromad va xarajatlarni tan olish va baholashda bir necha alternativ (muqobil) variantlardan biri tanlash imkoni beriladi. Albatta, MHXS asosida moliyaviy hisobot tayyorlaydigan biznes sub’yekti rahbariyati (odatda bosh buxgalteri) ushbu taklif etilayotgan hisobga olish usullari va yondoshuvlarning aniq bittasini tanlab olishi hamda ularni o‘z Hisob siyosatiga kiritib qo‘yishi lozim.
MHXSga muvofiq, HISOB SIYOSATI – moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etishda tashkilot tomonidan qo‘llaniladigan aniq bir tamoyillar, asoslar (usullar), umum qabul qilingan shartlar, qoidalar va amaliy yondoshuvlardir.
Qisqa va lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, MHXS asosida moliyaviy hisobotni tayyorlashda tashkilot mazkur hisobotni tuzishda standartlarda ko‘zda tutilgan tamoyillar, usullar va yondoshuvlardan aniq birini tanlaydi va ichki me’yoriy hujjat sifatida tasdiqlab quyishi lozim, chunki auditor tomonidan moliyaviy hisobot audit qilinganida aynan Hisob siyosatiga mosligi ham tekshiriladi.
Ba’zi hollarda shunday xo‘jalik operatsiyalari sodir bo‘ladiki, ularni moliyaviy hisobotda aks ettirish tartib-taomili va usuli MHXSda ko‘zda tutilmagan bo‘ladi.
Bunday hollarda nima qilish lozim degan savol tug‘ilishi tabiiy. 8-son MHXS “Hisob siyosati, buxgalteriya baholaridagi o‘zgarishlar va xatolar” standartining 10 – bandida quyidagi yechim taklif etiladi: biror xo‘jalik operatsiyasi, turli hodisa yoki sharoitga nisbatan maxsus qo‘llaniladigan aniq bir MHXS mavjud bo‘lmagan paytda, korxona rahbariyati hisob siyosatini ishlab chiqishda va qo‘llashda mustaqil ravishda qaror (xulosa) qabul qilishi va albatta ushbu qaror (xulosa) natijasida aks ettiriladigan moliyaviy ma’lumot quyidagi talablarga javob berishi lozim:
a) moliyaviy ma’lumot foydalanuvchilari uchun ular tomonidan iqtisodiy qarorlar qabul qilishda o‘rinli bo‘lishi;
b) ishonchli bo‘lishi, ya’ni moliyaviy hisobotdagi ma’lumot:
1) tashkilotning moliyaviy holati, moliyaviy natijalari va pul oqimlarini haqqoniy ko‘rsata bilishi;
2) xo‘jalik operatsiyasi, turli hodisa yoki sharoitning huquqiy (yuridik) shaklini emas, balki uning iqtisodiy mazmunini aks ettirishi;
3) betaraf bo‘lishi, ya’ni kimningdir manfaatidan xoli bo‘lishi;
4) ehtiyotkorlikka mos kelishi;
5) barcha sezilarli jabhalarda to‘laqonli bo‘lishi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Hisob siyosati MHXS asosida moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etishda muhim va asos bo‘luvchi hujjat hisoblanadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ ham MHXS asosida yillar davomida konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tayyorlab kelishida, MHXS asosida tuzilgan va tasdiqlangan HISOB SIYOSATIga egadir.
Mazkur Hisob siyosatini tayyorlash jarayoni, yuqorida qayd etilganidek 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-sonli Prezident qaroriga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJning mutaxassislari tomonidan va “Ernst & Young Advisory” konsalting kompaniyasining metodologik ko‘magida 2019-yilning avgust oyida boshlab yuborilgan.
Mashaqqatli va mahsuldor ishlar natijasida 2020-yilning mart oyida “O‘zbekneftgaz” AJning MHXS asosida konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotini tuzish bo‘yicha HISOB SIYOSATI hamda mazkur hujjat bo‘yicha hisobot tuzish uchun 10dan ortiq yordamchi metodologik hujjatlar tayyorlandi. 2020-yilning 15-iyunida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning 201-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlandi.
Ushbu buyruqda “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi barcha korxona va tashkilotlarga ham tasdiqlangan Hisob siyosatidan kelib chiqib, o‘zlarining MHXS asosida Hisob siyosatlarini ishlab chiqishi va tasdiqlashi topshirig‘i berilgan edi. Albatta tizim korxona va tashkilotlarining buxgalteriya hisobi mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash va ularga MHXS asosida o‘z Hisob siyosatini ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etishda bevosita ko‘mak berish maqsadida “Ernst & Young Advisory” konsalting kompaniyasining mutaxassislari tomonidan joriy yilning 1-3-mart kunlari amaliy seminar-trening tashkil etildi.
Tashkil etilgan amaliy seminar-treningda tizimdagi 35 korxona va tashkilotlardan 60dan ortiq mutaxassislar bevosita ishtirok etishib, “Ernst & Young Advisory” konsalting kompaniyasining Buxgalteriya hisob va moliyaviy hisobot sohasida konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i Aynura Kazenova hamda ushbu bo‘lim katta eksperti Dinora Hasanova tomonidan 3 kun mobaynida Hisob siyosatinig quyidagi masalalari bo‘yicha o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Tashkil qilingan seminar-trening “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi korxonalar mutaxassislari va “Ernst & Young Advisory” xalqaro konsalting kompaniyasi ekspertlari o‘rtasida qizg‘in bahs va savol-javoblar hamda interfaol muloqot tarzida o‘tkazildi.
Seminar-treningda “O‘zbekneftgaz” AJning MHXSni joriy etish bo‘limi mutaxassislari ham Hisob siyosatining ayrim qismlarini amaliyotda joriy etish tajribasini namoyish etishdi. Jumladan, mutaxassislarimizdan D.Abdumalikov 9-son MHXS (IFRS) “Moliyaviy instrumentlar”ga muvofiq konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotda debitorlik qarzlari bo‘yicha “Dargumon qarzlar rezervi”ni hisoblash va hisobotda aks ettirish uslubiyotini, R.Deshieva asosiy vositalarni MHXSga muvofiq kirimi, chiqimi, ichki harakati va amortizatsiyasini hisoblash vedomostlarini tuzish amaliyotini va M.Norturaev esa tizim korxonalari buyicha moliyaviy likvidlik risklarini izohlarda aks ettirib, tartibini amaliy misollarda namoyish etishdi.
Seminar-trening so‘ngida “To‘raqo‘rg‘on neftbaza” MChJ, “Chinobod neftbaza” MChJ, Buxoro NQIZ, Sho‘rtan GKM va boshqa korxonalarning bosh buxgalterlari tomonidan “Ernst & Young Advisory” xalqaro konsalting kompaniyasi ekspertlariga minnadorchilik bildirilib, o‘tkazilgan amaliy seminar natijasida MHXS asosida o‘z Hisob siyosatlarini ishlab chiqishda yangi bilim va ko‘nikmalar olganlarini e’tirof etishdi.
Ta’kidlash lozimki, 2020-yil yakunlari bo‘yicha tuziladigan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot hamda mazkur hisobot bo‘yicha auditorlik xulosasi “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mustaqil kredit reytingini olishda va o‘zining yevroobligatsiyalarini chiqarishda asosiy hujjatlardan biri hisoblanadi.
MHXS joriy etish bo‘limi boshlig‘i X.Tuxsanov