Joriy yilning 2 iyul kuni videoaloqa tizimi orqali “O‘zbekneftgaz” AJda ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish” loyihasi ishchi guruhining nazorat yig‘ilishi o‘tkazildi.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda uglevodorod xom ashyosini qazib chiqarish va qayta ishlash jarayonida yuzaga keladigan yo‘qotishlarni bartaraf etishdir.
Nazorat yig‘ilishi “Ernst and Young Advisory” kompaniyasi (Buyuk Britaniya) maslahatchilari ishtirokida tashkil qilingan bo‘lib, unda Sho‘rtan neft va gazni qazib chiqarish boshqarmasida amalga oshirilishi kutilayotgan pilot dastur, “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalarida rejalashtirilgan tashabbuslar reestri, loyihaga yangi a’zolarni jalb qilish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish mobaynida ishlab chiqarish uskunalarini ahamiyati jihatidan kategoriyalash, ikki yillik ta’mir tsikliga o‘tish, moddiy-texnik resurslar qoldig‘ini kamaytirish, nomuvofiqliklarning tub ildizini aniqlash va bartaraf etish amaliyotini joriy etish, ishonchlilikni oshirish tizimini yaratish, dinamik uskunalar va nazorat-o‘lchov asboblarining takroriy ishdan chiqish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik kabi masalalar bo‘yicha kelgusidagi ishlar belgilab olindi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan yig‘ilish natijalariga ko‘ra, Sho‘rtan neft va gazni qazib chiqarish boshqarmasida pilot dasturiga start berish va ishchi guruhni ushbu dasturga mobilizatsiya qilish to‘g‘risida kelishib olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz