Energetika vaziri Alisher Sultonov shu yilning 17 iyunida Buxoro viloyatiga ishchi safari davomida iqtisodiyot tarmoqlari va hudud aholisini, shu jumladan Qorako‘l, Olot, Peshku va Vobkent tumanlari sanoat zonalarining gaz ta’minotini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar jarayoni bilan tanishib chiqdi.

Ushbu tumanlarga qilingan ishchi safari davomida "O‘ztransgaz" AJ Boshqaruvi raisi Ulug‘bek Saidov va bir qator boshqa mas’ul shaxslar ishtirok etdi.

A.Sultonov Qorako‘l-Olot AGTS (avtomatlashtirilgan gaz taqsimlash stantsiyalari) salohiyati bilan batafsil tanishib chiqdi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarni gaz bilan barqaror ta’minlash vazifalaridan kelib chiqib, uning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berdi. Vazirning bahosiga ko‘ra, hozirgi paytda AGTS ni rekonstruktsiya qilish va yangi sanoat zonasi uchun alohida sanoat kollektori qurilishi davom etayotgani va uni shu yilning 20 iyuligacha yakunlash ko‘zda tutilayotganini hisobga olib, buning uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, Buxoro viloyatida iqtisodiy faoliyat rivojlanib borayotgani e’tiborga olinib, Romiton-Olot-Qorako‘l trassasi bo‘yicha 38 km masofaga yana bitta diametri 720 mm (RAK) gaz quvurini tortish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Qurilish maydonchasiga tashrif davomida delegatsiya a’zolari tomonidan loyihaning amalga oshirilishi sur’atiga baho berildi va obyektni shu yilning 1 sentyabrigacha foydalanishga topshirish maqsadida mutaxassislarga batafsil tavsiyalar berildi.

Tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish, ularning gaz ta’minotiga bo‘lgan ehtiyoji haqidagi axborotlar bilan bevosita tanishish maqsadida Energetika vaziri bir qator xo‘jalik faoliyati subyektlarida bo‘ldi. Bu yerda barqaror ravishda tabiiy gazni uzatish, o‘z vaqtida haqini to‘lash, infratuzilma holati bilan tanishish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan samimiy suhbat o‘tkazildi. Bugungi kunda tadbirkorlarning fikr-mulohazalari joylardagi vaziyatni tahlil qilish, hududlarning iqtisodiy rivojlanishini ko‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan yechimlarni izlab topishda eng muhim omillardan sanaladi.

Buxoro viloyati salmoqli iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lib, sanoat zonalarining tashkil qilinishi uning amalga oshirilishiga yordam beradi. Xususan, Qorako‘l tumanida yana ikkita sanoat zonasini ochish rejalashtirilmoqda. Ularning obyektlari orasida – 200 gektar yerda joylashgan zamonaviy issiqxona, ohak, g‘isht, armatura ishlab chiqarish tsexlari ko‘zda tutilgan.

“Hududgaz Buxoro” MChJning dastlabki baholariga ko‘ra, ushbu rejalashtirilayotgan sanoat zonalarining o‘zida tabiiy gaz iste’molining yillik hajmi 71,926 mln. kub.ni tashkil etadi. Iqtisodiy rivojlanish rejalarini amalga oshirishda gaz bilan barqaror ta’minlash yetakchi rol o‘ynaydi va hududlarning tobora oshib borayotgan salohiyatini doimiy tahlil qilinishini taqozo etadi.

 

Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz