O‘zLiDeP markaziy kengashining 7 avgust, shanba kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari plenumi boshlanishidan oldin jurnalistlarga intervyu bergan Energetika vaziri Alisher Sultonov joriy yil o‘tkaziladigan prezidentlik saylovi haqida o‘z fikrini bildirdi. Bu haqda «Daryo» muxbiri xabar bermoqda.

«Bu yilgi saylov mutlaqo boshqacha bo‘ladi. Birinchidan, oxirgi besh yilda qilingan ishlar. Buni tushunadiganlar ham, tushunmaydiganlar ham bor. Lekin tasavvur qilish kerak. Birgina bizning sohamiz bo‘yicha ko‘rsatkichlar 2—2,5 baravar oshgan. Bu — elektr energiyani ishlab chiqarish , tarmoqlarni sozlash va yangi tarmoqlarni qurish deysizmi, juda katta ishlar qilinyapti. To‘g‘ri, kamchiliklar hali ko‘p. Ammo qilgan ishlarimiz undan ham ko‘p.

Joriy yil bo‘ladigan saylovlar haqiqiy xalq saylovi va xalqning liderini saylaydigan saylov bo‘ladi. Shuning uchun men butun O‘zbekiston xalqidan iltimos qilardimki, o‘zimizning hayotimizga, farzandlarimiz kelajagiga befarq bo‘lmasak, saylov kuni chiqib, konstitutsion burchimizni bajarishimiz, o‘z ovozimizni berishimiz kerak.

Bugungi jarayonlar ko‘rsatmoqdaki, yana bir marta aytaman, bajaradigan ishlarimiz, kamchiliklarimiz hali ko‘p. Lekin besh yil avvalgi holat bilan bugungi kunni taqqoslaydigan bo‘lsak, yer-u osmon. Shunda ham qiladigan ishlarimiz ko‘p. Joylardagi holatlardan ko‘rish mumkinki, odamlarning kayfiyati, ruhiyati yaxshi. Men o‘ylaymanki, bu bir tarixiy saylov bo‘ladi. O‘sha kun odamlar ovoz berishga chiqib, o‘z fikrini, istagini bildiradigan kun bo‘ladi», — dedi Sultonov.

 

 

www.sgcc.uz