Har bir sohaning ertasi, undagi istiqbolli kadrlarning salohiyatiga bog‘liq! Yuqori texnologiyalarning eng so‘nggi namunasi o‘laroq, "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning ishlab chiqarish quvvati va uning iste'dodli kadrlar seleksiyasi borasidagi bajarilayotgan ishlar taqsinga loyiq.

Xususan, "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bilan imzolangan memorandumga muvofiq, Atrof-muhit muhofazasi xizmati tarkibidagi Ekoanalitik laboratoriyasida tayanch doktorantlarning ilmiy ishlari yuzasidan amaliyot o‘tashlari samarali tashkil etilmoqda.

Universitetning Kimyo fakulteti “Organik kimyo” kafedrasi tayanch doktoranti (PhD) Sh.B.To‘raev tomonidan bajarilgan “Alifatik karbon kislotalarning alkilamid hosilalari sintezi va xossalari” mavzusidagi doktorlik (PhD) dissertasiyasi doirasida ilk bor sintez qilingan yangi organik birikmalar:

Triftorsirka kislotasi ftalimid etil efiri, monoxlorsirka kislotasi ftalimid etil efiri “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Atrof-muhit muhofazasi xizmati tarkibidagi Ekoanalitik laboratoriyasida oqova suvlarni zararsizlantiruvchi sifatida laboratoriya sharoitida tatbiq qilishga amaliyotlariga biriktirilgan bir guruh ustozlar ko‘magida sinov o‘tkazildi.

Tadqiq qilingan yangi preparatlar triftorsirka kislotasi ftalimidoetil efiri, monoxlorsirka kislotasi ftalimidoetil efirining asetondagi eritmalari, laboratoriya sharoitida oqova suvlarni zararsizlantirish uchun tekshirib ko‘rildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, 1% li eritma oqova suvlarni zararsizlantirishda samaradorlikni namoyon qildi.

Olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ushbu preparatlar oqova suvlarni mikroorganizmlardan zararsizlantirish uchun qo‘llash mumkinligi aniqlandi.

Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, har bir sohada salohiyati yuqori yoshlarning ishlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali majmuamiz va qolaversa mamlakatimizning ertangi kadrlarini shakllantiramiz. Zero bugunning yoshlari ertangi istiqbolimiz nihollaridir!

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz