Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi bolalalarning dam olishini tashkil etish va sogʼlomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringini taʼminlash boʼyicha Muvofiqlashtiruvchi guruhining 2019 yil 17 maydagi 2-sonli “2019 yilgi bolalarni dam oldirish va sogʼlomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi yigʼilish bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida Orolboʼyi mintaqasida joylashgan kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari, jumladan Qoraqalpogʼiston Respublikasidan 250 nafar va Horazm viloyatidan 250 nafar, jami 500 nafar bolalarga “Lochin” BDOda imtiyozli dam oldirish uchun yoʼllanmalar ajratildi. Shu munosabat bilan Orolboʼyi mintaqasidan yoʼlga chiqqan bolalar 2019 yil 23 iyul kuni Qashqadaryoga yetib keldilar.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat faollari, “Shoʼrtan gaz kimyo majmuasi” MChJ rahbariyati va kasaba uyushma qoʼmitasi tomonidan mehmonlarni karnay-surnay sadolari ostida Qarshi shohbekatida kutib olinib, viloyatimizning soʼlim goʼshalaridan biri boʼlmish Shahrisabz tumanining Miraki qoʼrgʼonchasida joylashgan “Lochin” bolalar dam olish oromgohiga olib kelindi.
Mehmonlarni “Lochin” oromgohining yetakchi va tarbiyachilari Qoraqalpoq va horazm milliy liboslaridagi karnay-surnay sadolari va Qoraqalpoq va Xorazm viloyatiga mansub kuy-qoʼshiqlar taronalari bilan koʼtarinki kayfiyatda kutib oldilar.
Bunday koʼtarinki, bayramona kayfiyat va doʼstona muhitni koʼrgan mehmonlar raqsga tushib oromgoh ostonasiga qadam qoʼydilar va mamnuniyat bilan ularni ana shunday iliqlik bilan oʼzining mehrli bagʼriga olgan “Lochin” oromgohi jamoasiga tashakkur bildirdilar.