Joriy yil boshida "O‘zbekneftgaz" AJ rahbariyati tomonidan berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar asosida, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va rejalashtirilgan chora-tadbirlar ijobiy natijalar bilan yakunlandi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, yil boshida mamlakatimizda yuz bergan texnogen holat – blekaut natijasida majmuaning ko‘pgina qurilmalariga katta zarar yetib, ishlab chiqarish holatiga ham qattiq ta’sir ko‘rsatdi. Lekin, "O‘zbekneftgaz" AJ rahbariyati tomonidan, avariya holatini bartaraf etish uchun o‘z vaqtida yaratilgan imkoniyatlar, berilgan ko‘rsatmalar sababli va shuningdek, majmua mutaxassislarining majmua oldiga qo‘yilgan topshiriqlarni to‘g‘ri anglagan holda ahillik, ilm va tartib bilan amalga oshirgan harakatlari evaziga, yuqori texnologiyali uskuna va murakkab qurilmalarga yetgan katta zararlarga qaramasdan avariya oqibatlari bu kabi holatlarga xos bo‘lmagan o‘ta qisqa muddatda bartaraf etildi. Bunda majmuada qurilma va uskunalarni ta’mirlash ishlarini tizimli va o‘z vaqtida, markazlashtirilgan holda tashkillashtirilishi uchun jamiyat boshqaruvi raisi tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlarning roli katta bo‘ldi.

2022 yil davomida majmua jamoasining o‘zlariga yuklatilgan vazifalarini mas’uliyat bilan amalga oshirganliklari, belgilangan reja va topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarganliklari evaziga, majmua oldiga qo‘yilgan barcha reja va maqsadlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi va avariya oqibatida yo‘qotilgan vaqt va resurslarga qaramasdan barcha ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarni ijobiy holatga olib chiqish uddalandi.

Shu qatorida majmuada 2022 yil davomida 4,031 milliard kub metr (rejaga nisbatan 100,8 foiz) tabiiy gaz xomashyosi chuqur qayta ishlandi. Natijada 127,3 ming tonna (rejaga nisbatan 101,9 foiz) polietilen, 111,2 ming tonna (rejaga nisbatan 103,7 foiz) suyultirilgan gaz, 3,395 milliard kub metr (rejaga nisbatan 100,7 foiz) tozalangan metan gazi, 99,1 ming tonna (rejaga nisbatan 101,5 foiz) gaz kondensati mahsulotlari ishlab chiqarildi.

Yuqorida aytib o‘tilganlardan tashqari 2022 yilda barqarorlikni ta’minlash maqsadida Sho‘rtan bosh inshootidan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” va “Uzbekistan GTL” zavodlari uchun qo‘shimcha ravishda uzunligi 33 km.ni tashkil etadigan gaz quvurlari yotqizish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. 

Majmuada 21 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlatilib kelinayotgan, ham ma’nan, ham jismonan eskirgan bir qancha texnologik qurilma va uskunalarni, tizimlarni bosqichma bosqich modernizatsiya qilish ishlari boshlab yuborildi.

Loyiha qiymati 80 mlrd.ni tashkil etadigan “Uzbekistan GTL”dan yuqori bosimli bug‘, bug‘ kondensati va gaz holatidagi azot berish quvurlarini tortib kelish ishlari boshlangan.

Ushbu loyihalar orqali majmuada texnologik qurilmalarning ishonchliligi va samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

| web-sayt | telegram | YouTube |