“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida Boshqaruv raisining o‘rinbosarlari, Jamiyat markaziy apparatining departamentlari, Boshqarma, zavod va neft bazalarining rahbarlari ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda 2021-yilning ortda qolgan davrida tabiiy gaz qazib chiqarish, gazni qayta ishlash hamda neft mahsulotlari ishlab chiqarishga doir belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi, 1-chorakda rejalashtirilgan ishlar hamda boshqa qator masalalar muhokama qilindi.

Boshqaruv raisi 2021-yil yanvar oyida tabiiy gaz qazib chiqarish bo‘yicha reja balans bo‘yicha 100% bajarilgan bo‘lsa-da, qo‘shimcha reja topshirig‘i bo‘yicha kamchiliklar kuzatilganini tanqid qildi.

Shuningdek, kondensat bo‘yicha ko‘rsatkichlar 102% ga (122,5 ming tonna) bajarilgan bo‘lib, neft bo‘yicha natija 112% ni (11,1 ming tonna) tashkil qildi.

2021-yilning yanvar oyida garchi 12 ta tabiiy gaz quduqlari ishga tushirilgan, 51 ta quduqlar mukammal ta’mirlashdan chiqarilgan bo‘lishiga qaramay, bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar muhokama qilindi va belgilangan ko‘rsatkichlar bilan cheklanib qolmay, qo‘shimcha chora-tadbirlarni ijro qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Boshqaruv raisi tabiiy gaz qazib chiqarish hududiy boshqarmalar kesimida qaralganda, ayrim boshqarmalarga rejalar mavjud imkoniyatdan kelib chiqib belgilanmaganligi, burg‘ilash ishlarida yo‘l qo‘yilgan texnologik kamchiliklar, burg‘ilash stanoklarini montaj ishlarida vaqt yo‘qotilishi, qo‘shimcha stanoklarning jalb qilinmaganligi, quduqlar burg‘ilash bilan tugatilib, sinov ishlari nihoyasiga yetmasdan, quduqlardan sanoat miqyosidagi gaz oqimi olinmaganligini keskin tanqid qildi.

Sho‘ o‘rinda, “Uchqir”, “Alan”, “Zevarda” va “Dengizko‘l” gaz siquv kompressor stantsiyalarining belgilangan muddatlarda ishga tushirilmagani va bu yillik ko‘rsatkich bajarilishiga ta’sir qilganini ta’kidlab o‘tdi.

Videoselektor yig‘ilishida 2020-yil davomida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, 2021-yil uchun belgilangan ko‘rsatkichlar hamda rejalarni amalga oshirish uchun vazifalar belgilab olindi.

Ushbu vazifalar va rejalarning to‘liq bajarilishi hamda uni nazorat qilish yo‘nalish bo‘yicha Rais o‘rinbosarlari zimmasiga yuklandi.

Barcha topshiriqlarni ijro qilinishi uchun mutasaddi departament boshliqlari, hududiy boshqarmalar direktorlari, “O‘zneftgazquduqta’mirlash”, “O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari”, “O‘zLITIneftgaz” rahbarining ham shaxsan javobgarligi belgilandi.

Boshqaruv raisi korxona va zavodlarda ro‘y beradigan avariya holatlarining oldini olish choralarini ko‘rish kerakligini ta’kidlab, to‘xtalishlar bo‘lmasligi uchun barcha zaruriy choralar belgilab berildi.

Ushbu yig‘ilishda “O‘zneftgazquduqta’mirlash” AJ faoliyati Boshqaruv raisi tomonidan tanqidiy muhokama qilindi va yanvar oyida belgilangan ta’mirlash rejasi maxsus texnikalarning uzoq vaqt ta’mirlash holatida turib qolishi sababli bajarilmagani aytildi.

Sohada yillar davomida yig‘ilib kelgan muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilib, aniq vazifalar belgilab olingani natijasida ijobiy natijalar qo‘lga kiritilmoqda.

Boshqaruv raisi suyultirilgan gaz ishlab chiqarish yanvar oyi yakuni bilan 53,6 ming tonnani yoki 100,8%ni tashkil etganini alohida e’tirof etdi va havo haroratining sovib ketishini hisobga olib, “Muborak”, “Gazli” va “Sho‘rtan” neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida foydalanishga topshirilgan yangi suyultirilgan gaz ishlab chiqarish qurilmalari yordamida 2021-yil 1-chorakda 165 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni tashkillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ushbu yig‘ilish davomida Boshqaruv raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29 dekabr kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomada korruptsiyaga qarshi kurashishga alohida to‘xtalib o‘tganini ta’kidlab, “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tizimidagi korxonalarda bu illatga qarshi kurashish, uning oldini olishda qaror qabul qilish jarayonlari, ochiq va faqat ochiq bo‘lishini ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini bildirdi.

Shu o‘rinda, afsuski sohadagi ayrim korxona rahbarlari faoliyatida kamchiliklar mavjudligini va bunga qarshi choralar ko‘rilayotganini qo‘shimcha qildi.

Buxoro neft bazasi tomonidan neft mahsulotlarining sotilishi bo‘yicha belgilangan qoidalar buzilib, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-fevraldagi 149-sonli qaror talablari bajarilmay kelingani aniqlangan. “O‘zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplaens nazorat departamenti tomonidan aniqlangan bu holatlar bo‘yicha yig‘ilgan hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda sohada axborot texnologiyalarini tadbiq etish, shartnomalarni ro‘yxatga olish bo‘yicha 1S tizimida “Yagona shartnomalar bazasi”ni yaratish, Gazli va Ustyurt boshqarmalarida avtomatlashtirilgan gaz hisobini yuritish (ASODU) tizimini joriy etish ishlarini yakunlash hamda qator masalalar bo‘yicha bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz