“O‘zbekiston neft va gazi – OGU-2023” 25-yubiley ko‘rgazmasi va O‘zbekiston uchinchi xalqaro energetika forumi doirasida bolalar va o‘smirlar uchun “Yashil iqtisodiyot va qayta tiklanadigan energiya manbalari” mavzusida rasmlar tanlovi e’lon qilingan edi.

Mazkur tanlov kelajak avlodni yashil iqtisodiyot, energiya tejash va qayta tiklanadigan energiya manbalari haqidagi tasavvurlarini shakllantirish, ekologiya va tabiatni muhofaza qilishga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish, badiiy mahoratlarini rivojlantirish hamda iste’dodlarini rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, tanlovga yuborilgan barcha suratlarda energiyani tejash va qayta tiklanadigan energiya manbalarining Ona tabiatga ijobiy ta’siri bolalar tasarrufida aks ettirilgan.

Ushbu tanlovda "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning 30 nafar farzandlari o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etishdi.

Tanlovda majmua xodimi Nigmatov Ilxom Sadikovichning farzandi Sodiqov Saidbek faxrli ikkinchi o‘rinni egallab, g‘oliblar qatoridan joy oldi!

Bugun Qarshi shahridagi "Nasaf" PFK ma’muriy binosida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ ma’muriyati, majmua Kasaba uyushma qo‘mitasi, SHGKM Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi SHGKM BT hamkorligida yosh bo‘lishiga qaramasdan tanlovda o‘zining badiiy mahoratini va o‘tkir zehnini namoyish qilgan bolajonlarni rag‘batlantirish hamda ularni iqtidori va iste’dodini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bayramona tadbir tashkil etildi.
Tadbirda “Yashil iqtisodiyot va qayta tiklanadigan energiya manbalari” mavzusida bo‘lib o‘tgan rasmlar tanlovida faol ishtirok etgan 30 nafar bolajonlarning barchasiga qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, bolajonlar uchun bugungi kunda yurtimiz va xalqaro maydonlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan "Nasaf" professional futbol klubi muzeyi va markaziy o‘yingohi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|