“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ tomonidan Respublikamizda faoliyat yuritayotgan Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda olib borilayotgan amaliy va natijador ishlar 2022-yilda ham davom etmoqda.

Joriy yilning 15-fevral kuni “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Bosh direktori, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining faxriy professori Shuhrat Aslanov Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutiga tashrif buyurib, institutning bitiruvchi talabalari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Ochiq muloqot jarayonida Sh.Aslanov tomonidan hayotiy tajribadan kelib chiqib bildirilgan fikr-mulohazalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va shu o‘rinda talabalar ham o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflarini bildirib o‘tishdi.

Ochiq muloqotdan so‘ng, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan ta’sis etilgan stipendiyaga da’vogar talabalar bilan imtihon jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Unda 200 nafardan ortiq talaba ishtirok etdi va yaxshi natijaga erishgan talabalar 2-bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar. Bu bosqichda talabalarning o‘z sohasi bo‘yicha bilim darajasini aniqlash suhbat asosida amalga oshiriladi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati


www.sgcc.uz