O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi bayrami munosabati bilan "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak - Vatanmiz!" bosh g‘oyasi ostida "Istiqlol bayraming muborak bo‘lsin, ona diyorim!" deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori Aslanov Shuxrat Chariyevich kirish so‘zi bilan ochib berib, ko‘p ming sonli majmua jamoasini Mustaqilligimizning 33 yillik shodiyonalari bilan hamda yaqinlashib kelayotgan "Neft va gaz sanoati xodimlari kuni" bilan qutladi. Tabrik davomida Shuxrat Chariyevich majmuamizga nisbatan davlatimiz rahbarining yuksak e’tiborlari haqida alohida faxr bilan ta’kidlab o‘tgan holda, jamoaning barcha a’zolariga sidqidildan qilinayotgan mehnatlari, ahillik va jonkuyarliklari uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi Farmoni bilan "DO‘STLIK" ordeni bilan taqdirlangan Etilen ishlab chiqarish sexi texnologik qurilma operatori Elmurodov Shokir Mengnorovichni davraga taklif etish bilan boshlandi.
"Do‘stlik" ordeni sohibi Shokir Mengnorovich majmua jamoasidan tabrik va qutlovlarni qabul qilib olar ekan: Kamtarona faoliyatimizni, mehnatimizni yuqori baholab ushbu ordenga loyiq ko‘rganlari uchun avvalambor muhtaram prezidentimizga minnatdorchilik bildiraman! Shuningdek, meni qo‘llab-quvvatlagan ahil jamoamizga va rahbariyatimizga katta rahmat! Ushbu yutuq nafaqat meni, balki butun majmua jamoasining yutug‘idir! Barchani Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin! Majmuamiz taraqqiyot etib boraversin! - deb davlatimiz rahbari, majmua jamoasi va rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.
Davlatimiz rahbarining majmuamiz jamoasiga bo‘lgan bu kabi yuksak e’tibori jamoani juda-juda quvontirdi.
Shundan so‘ng, mamlakatimizda neft va gaz sanoati tarmog‘ining yuksalishi yo‘lidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari e’tiborga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 33 yilligi hamda neft va gaz sanoati xodimlarining kasb bayrami munosabati bilan majmuaning 15 nafar ishchi-xodimlarini “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda majmua ma’muriyati tomonidan korxonada uzoq yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarning yana 25 nafari Shurtan gaz kimyo majmuasi “Faxriy yorlig‘i” bilan taqdirlandi.
Barcha faxriy yorliq sohiblari shuningdek pul mukofotlari bilan ham taqdirlandilar.
Ko‘tarinki ruhda va "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlanish kabi xushxabarlar bilan boshlangan tadbirning 2-qismida majmuada ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli va mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etilgan “Quvnoqlar va Zukkolar” ko‘rik-tanlovining 3-saralash bosqichi bellashuviga start berildi.
Bellashuvda majmua Kasaba uyushma qo‘mitasi va Yoshlar ittifoqi SHGKM BTning birlashgan “Bojalar”, Majmua xotin-qizlar BTning “Quvnoq qizlar” hamda Umumiy ovqatlanish sexi hamda Maishiy xo‘jalik sexining birlashgan “Shunchaki” jamoalari ishtirok etishib, bayram kayfiyatini yanada ko‘tarishdi.
Ishtirok etgan jamoalar ko‘rik-tanlov Nizomiga muvofiq uchta shart bo‘yicha o‘zaro bellashishib, shart me’zonlari asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholanib borildi.
Bellashuv yakuniga ko‘ra, Umumiy ovqatlanish sexi hamda Maishiy xo‘jalik sexining birlashgan “Shunchaki” jamoasi eng yuqori ball bilan ushbu saralash bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritdi va keyingi bosqichga yo‘l oldi.
“Quvnoqlar va Zukkolar” ko‘rik-tanlovining 3-saralash bosqichi bellashuvi natijalari:
Tadbir yakunida, ishtirok etgan jamoa a’zolariga majmua ma’muriyati hamda Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirilib, tadbirga yakun yasaldi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati