XXI asr texnika asri deb etirof etilmoqda. Barcha rivojlanishlar ona tabiat ne’matlaridan foydalanish evaziga amalga oshirilmoqda. Natijada atrof muhitga salbiy ta’sirlar bo‘lishi kuzatilmoqda.
Hozirgi davr talablaridan biri chiqindilarning tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan. Bu sohada davlatimiz rahbari boshchiligida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ya’ni chiqindilarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, atrof muhitga salbiy ta’siri yuqori bo‘lgan texnologiyalardan bosqichma-bosqich voz kechish va boshqalarni misol keltirish mumkin.
“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJda ham atrof muhit muhofazasi sohasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Sohaga doir yangi qabul qilinayotgan qaror va farmoyishlar hamda yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilishi ta’minlanib kelinmoqda. Bunga misol qilib, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tomonidan tasdiqlangan, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxona va boshqarmalarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha 2020-2022 yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”-ning Atrof muhitni muhofaza qilishning ilmiy ta’minotini rivojlantirish bandi hamda majmua bosh direktorining chiqindilarni qayta ishlash va zarasizlantirish ishlarini amalga oshirish, buning natijasida atrof muhitga yetkazilishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirlarni kamaytirishga qaratish yuzasidan bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti bilan imzolangan hamkorlik shartnomasini keltirishimiz mumkin. Majmua ishlab chiqarish texnologik jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilarni ikkilamchi mahsulot sifatida ishlashni yo‘lga qo‘yish usullarini o‘rganish davr talabidir. Shularni inobatga olgan holda, ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash yoki xavfsiz zararsizlantirish usullarini o‘rganish uchun ushbu shartnoma imzolandi. Shartnomani imzolash va O‘zMU Kimyo fakultetidagi mavjud shart sharoit bilan tanishish maqsadida, xizmat yetakchi muhandis ekologi Sh.Xoliyorov Toshkent shahrida bo‘lib qaytdi. Kimyo fakulteti dekani, k.f.d. professor Sh.Qodirova olib borilayotgan ilmiy ish va hamkorliklar, erishilgan yutuqlar haqida gapirib, "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ bilan hamkorlikda ishlashga barcha kafedra professor-o‘qituvchilarida yetarli bilim va tajriba borligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, yetakchi muhandis ekolog Sh.Xoliyorov Organik kimyo kafedrasi professor-o‘qituvchi va ilmiy xodimlari bilan uchrashib, majmuadagi texnologik jarayonida hosil bo‘ladigan ishlab chiqarish chiqindilari haqida qisqacha ma’lumot berdi va tarkibida organik birikmalar mavjud ishlab chiqarish chiqindilaridan namunalarni taqdim etdi.
Berilgan ma’lumot va namunalar bilan tanishgan Organik kimyo kafedrasi mudiri k.f.d. professor T.Xoliqov, k.f.d. professor A.Abdushukurov, k.f.n. dotsent H.Tojimuxammedov va boshqa ilmiy xodimlar o‘z fikr mulohazalarini bildirishdi. Professor T.Xoliqov ishlab chiqarish chiqindilardan ayrim organik birikmalarni ajratib olish va shu asnoda yangi boshqa kimyoviy birikmaga aylantirish usullariga e’tibor qaratdi. Professor A.Abdushukurov ham o‘zining fikr mulohazalarini aytib, hamkorlikda ilmiy laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ilmiy ishlarni rivojlantirish, tarkibida organik birikmalar mavjud chiqindilar bilan ishlash usullari haqida to‘xtalib o‘tdi. Dotsent H.Tojimuxammedov o‘zining bilimi tajribasi asosida chiqindilardan xom ashyo sifatida foydalanish taklifini ilgari surish bilan bir qatorda, tabiiy gaz tarkibidagi nordon gazlarni tozalashga yangi usullar qo‘llash mumkinligi haqida gapirib o‘tdi. So‘ngra Organik kimyo kafedrasi mudiri k.f.d. professor T.Xoliqov tajriba o‘tkazish uchun mavjud laboratoriya xonalari bilan tanishtirdi. Bundan tashqari ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, majmua laboratoriyalarida ham birgalikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish mumkinligini, bajarilgan ishlar asosida davriy ilmiy jurnallarda, ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlarida hammualliflikda materiallar chop etish mumkinligini ta’kidladi.
So‘ngra, shu joyning o‘zida taqdim etilgan ishlab chiqarish chiqindilarini tekshirish usullari birgalikda muhokama qilinib, bir qator boshlang‘ich ilmiy tadqiqotlar o‘tkazildi.
Ilmiy xodimlar bilan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga asoslanib, sinov jarayonini davom ettirishga kelishib olindi.
Tarkibi anorganik birikmalardan iborat ishlab chiqarish chiqindilarni qayta ishlash va xavfsiz zararsizlantirish usullarini muhokama qilish maqsadida, sohaga doir mutaxassislar bilan fikr almashish uchun fakultet rahbariyatining tavsiyasiga ko‘ra, Noorganik kimyo kafedrasidan k.f.n. dotsent G. Nuralieva bilan ham uchrashildi.
Dotsent G.Nuralieva kafedrada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma’lumot berib, ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash va zararsizlantirishning yangi usullarini topishda hamkorlikdan mamnun ekanligini va ish olib borish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi xamda birgalikda ish olib borishga kelishib olindi.
Fakultet professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikdagi ishlar uzluksizligini ta’minlash maqsadida, zarur hollarda, masofadan turib onlayn tarzda fikr almashib turishga kelishildi.
Atrof muhit muhofazasi xizmati boshlig‘i
Sherzod Urushov
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ