Bizning mamlakatimizda fuqarolar va yuridik shaxslarning vakolatli organlarga murojaat etish bo‘yicha Konstitutsiya bilan kafolatlangan huquqlari amalda ishonchli ta’min etilmoqda. 2014 yil 4 dekabrda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni fuqarolarning davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga murojaat qilish tartibini takomillashtirdi.

“O‘zbekneftgaz” MXK va uning tarkibiga kiruvchi 200 dan ortiq korxona va tashkilotlarda ushbu qonun ijrosi doimo diqqat markazida.

Jumladan, 2016 yil sentyabr-oktyabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi orqali “O‘zbekneftgaz” MXKga fuqarolardan 137 ta murojaatlar kelib tushdi. Shuningdek, yurtdoshlarimiz “O‘zbekneftgaz” MXK, uning tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlarning xizmatlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar, bog‘lanish manzillari va rahbariyatning qabul kunlari keltirilgan Interfaol davlat xizmatlarining yagona portali orqali ham o‘z murojaatlarini jo‘natmoqdalar. 2016 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida ushbu portal orqali 1544 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularning 1533 tasi bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingan va javoblar yuborilgan.

“O‘zbekneftgaz” MXK faoliyati to‘g‘risida keng ma’lumot www.ung.uz saytida ham keltirilgan. Ushbu korporativ sayt orqali fuqarolar xoldingga murojaat etish va neftgaz tarmog‘i mutaxassislarining malakali yordamidan bahramand bo‘lish imkoniga egadirlar.

Xoldingda mavjud ishonch telefoniga (+998 71 233-28-88) fuqarolardan kelib tushayotgan qo‘ng‘iroqlari qisqa fursatlarda ko‘rib chiqilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda fuqarolar murojaatlarining aksariyati aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlashga bog‘liq bo‘lib, bu masala bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Xususan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi fuqarolardan gaz ta’minotini yaxshilashga oid murojaatlar kelib tushgan. Gaz ta’minoti korxonalari mutaxassislari joylarga borib, murojaatlar sabablarini o‘rganib chiqqanlar va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qisqa muddatlarda zaruriy choralarni ko‘rganlar.

Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlar aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlash va kerakli yordam ko‘rsatishga doimo shay bo‘lib turibdilar.

 

Manba: ung.uz