O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultanov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti mamlakat energetika sohasini isloh qilish jarayonida xalqaro moliya institutlarining ishtirokini muhokama qildi.
Bo‘lib o‘tgan onlayn munozara chog‘ida vazirlik davlat rahbarining yangi tayinlangan maslahatchisiga O‘zbekistonda energetika sohasini yanada isloh qilish uchun Energetika vazirligining xalqaro moliya institutlari (XMI) bilan hamkorlik ko‘lami to‘g‘risida ma’lumot berdi.
2019 yilda Energetika vazirligi huzurida Elektr energetikasini isloh qilish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etildi, unga mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda ko‘plab mamlakatlarning energetika sohalarini isloh qilish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan 12 ta xalqaro maslahatchilar jalb qilindi. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining maslahatchilari “Elektr energiyasi to‘g‘risida” gi qonunning yangi tahririda qatnashmoqda, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki mutaxassislari raqobatbardosh elektr energiyasi bozorini modellashtirish ustida ishlamoqda.
Xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, elektr energiyasining raqobatbardosh ulgurji bozoriga o‘tishining asosiy yo‘li – davlat tomonidan quyidagi shartlarning bajarilishi hisoblanadi:
- bozorning barcha ishtirokchilari, ham davlat, ham xususiy kompaniyalar uchun teng sharoitlar yaratish;
- bozor ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblarning shaffof onlayn tizimini yaratish;
- yagona elektr energiyasi tizimiga ulanish uchun texnik reglamentlarni ishlab chiqish va tasdiqlash – bozorning barcha ishtirokchilari uchun “Grid kod” (Elektr tarmoqlari kodeksi).
Yuqoridagi shart-sharoitlarni ta’minlash uchun birinchi bosqichda mustaqil komissiyadan iborat bozor regulyatori, shuningdek, elektr energiyasini sotib olish va sotish bo‘yicha barcha bitimlarni amalga oshiradigan onlayn platformali bozor operatori (davlat kompaniyasi)ni yaratish kabi choralarni ko‘rish zarur.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish bo‘yicha xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Xususan, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda 2025 yilgacha 2 GVt quvvatga ega quyosh energiyasini ishlab chiqaruvchi FES va 1 GVt quvvatga ega shamol elektr stantsiyalarini qurish uchun potentsial investorlarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Loyihalar davlat-xususiy sheriklik mexanizmi yordamida amalga oshiriladi. Hozirda XMI ko‘magi bilan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida har biri 200 MVt quvvatga ega uchta quyosh elektr stantsiyalarini qurish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stantsiyasini qurish bo‘yicha tender o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning fevral oyida XMKning texnik ko‘magi bilan “Sirdaryo viloyatida DXSh asosida 1200-1500 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stantsiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun tender e’lon qilindi. Tender g‘olibini aniqlash 2021 yilning birinchi choragida rejalashtirilgan.
Joriy yilning 4 noyabr kuni OTB va YTTB ko‘magida “Talimarjon issiqlik elektr stantsiyasini umumiy quvvati 900 MVtdan kam bo‘lmagan navbatdagi ikki dona bug‘-gaz qurilmalarini qurish bilan kengaytirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun tender e’lon qilindi.
Shuningdek, JAYKA (Yaponiya) texnik ko‘magi bilan “Issiqlik elektr stantsiyalari” AJ korxonalarida XMHS (Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari) ni joriy etish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, XMI mutaxassislari va maslahatchilari ko‘magida:
- - neft va gaz sohasini yanada isloh qilish bo‘yicha amalga oshirish rejasini taqdim etgan holda tavsiyalar tayyorlandi;
- “2030 yilgacha gaz uzatish tizimini rivojlantirishning Bosh rejasi” ishlab chiqildi;
- tariflarni shakllantirish bo‘yicha xalqaro amaliyotni joriy etish yuzasidan tavsiyalar tayyorlandi va tariflar bo‘yicha metodologiyani tayyorlash xususida ishlar olib borilmoqda.
Onlayn muzokara chog‘ida tomonlar ushbu sohaning boshqa tarmoqlarga va umuman mamlakatning investitsiya muhitiga ta’sirini hisobga olgan holda yoqilg‘i-energetika kompleksi sohasini isloh qilish muhimligini ta’kidladilar.
S.Chakrabarti islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ijobiy ta’sirini yuqori baholadi.
2021 yil yanvar oyida rejalashtirilgan navbatdagi uchrashuvda muhokama qilinadigan tavsiyalarni ishlab chiqish va tahlil qilish uchun Prezident maslahatchisiga islohotlarning borishi yuzasidan batafsil ma’lumot berish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmatidan