"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning Oqova suvlarni tozalash sexiga qarashli AD-6401 yog‘li oqova suvlarni tozalash qurilmasi 2001 yil majmua ishga tushgan vaqtdan boshlab ishlatilib kelinadi. Qurilma yer sathidan 6 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, 36x15 metr o‘lchamdagi 2 (ikki) dona temir-beton hovuzlar (rezervuar), nasos xo‘jaligi, yog‘ yig‘gich va sarf regulyatorlaridan iboratdir.

Ushbu qurilma, yomg‘ir suvlarni, umumzavod o‘quv amaliy mashg‘ulot vaqtida ishlatiladigan suvlarni, texnologik qurilmalardan tashlanadigan drenaj suvlarini qabul qilishga mo‘ljallangan. Qurilma soatiga o‘rtacha 10-36 kub metrgacha oqova suvlarni qabul qiladi.
Qurilmani ishlab chiqish, tayyorlash va payvandlash ishlari ABB firmasi texnomajmuasi tarkibida amalga oshirilgan. Yog‘li oqova suvlarni tozalash qurilmasi "Berlin binolar va inshootlarni loyihalashtirish instituti" (Germaniya) tomonidan Z-54.8-170 me’yoriy talablari asosida attestatsiyadan o‘tkazilgan. Qurilmaning sinovi esa DIN 1999 standarti talablariga muvofiq o‘tkazilgan va tozalash jarayonida 99,5 % naflilik darajasini berishiga erishilgan.

Qurilma Majmuaning joriy ta’mirlash ishlari vaqtida hamda majmuani ishga qo‘shishdagi qurilma va uskunalarni yuvish jarayonlarida hosil bo‘lgan oqova suvlarni uzoq yillar davomida qabul qilishi natijasida, qurilma rezervuarlarida ko‘p miqdorda cho‘kindilar hosil bo‘lgan bo‘lib, hozirda majmua mutaxassislari tomonidan ushbu organik va neorganik cho‘kindilarni tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.

Tozalash ishlarini amalga oshirish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, unda ushbu jarayonni xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda talofatlarsiz o‘tkazish, hosil bo‘lgan cho‘kindilarni atrof-muhitga zarar bermagan holda utilizatsiya qilish asosiy vazifa qilib belgilangan. 2022 yil 23 avgust kunidan boshlab to bugungi kunga qadar majmua mutaxassislari tomonidan AD-6401 qurilmasi rezervuarlarida hosil bo‘lgan cho‘kindilarni tozalash jarayonida 567700 litr miqdoridagi cho‘kindi tozalandi.

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|