“Ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish” loyihasi doirasida “Ernst & Young” xalqaro konsalting kompaniyasi tavsiyalarini joriy etishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv “Muborak” gazni qayta ishlash zavodi va Muborak, Sho‘rtan, Gazli, Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarining hududiy menejerlari va “O‘zbekneftgaz” AJning xaridlar departamenti vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda resurslarni boshqarish siyosati, yagona me’yoriy va ma’lumotnoma ro‘yxatini joriy etish, moddiy-texnik resurslarni turkumlash va tasniflash, talab qilinmagan mulklarni aniqlash va sotish, “1C-Sklad” dasturini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Zaxiralarni nazorat qilishning hozirgi holatidan kelib chiqib, zaxiralarni boshqarish bilan bog‘liq jarayonlarni optimallashtirish usullari ko‘rib chiqildi. Ushbu masala “O‘zbekneftgaz” AJning barcha aktivlarida joriy qilinayotgan ERP tizimlari orqali o‘z yechimini topishi kutilmoqda. Shuningdek, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida buyurtmalarni “1C” tizimida taqdim etish uchun buyurtmalarni rejalashtirish va topshirish tizimi sinov tariqasida joriy etilmoqda. Bu tashabbus keyinchalik “O‘zbekneftgaz” AJning boshqa ishlab chiqarish korxonalarida ham joriy etilishi rejalashtirildi. Shuningdek, “1C:Zayavki” tizimini amalga oshirish orqali buyurtmalarni ko‘rib chiqish va ijro etish jarayonini optimallashtirish bo‘yicha istiqbolli rejalar belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati tomonidan tasdiqlash uchun tashabbuslarni Jamiyat tizimiga kiruvchi barcha ishlab chiqarish korxonalarida amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz