“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligida videoaloqa tizimi orqali “O‘zbekneftgaz” AJ “ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish” loyihasi Boshqaruv Qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida Boshqaruv qo‘mitasi “E&Y” maslahatchisi tomonidan loyihaning 2- va 3-bosqichlari doirasida ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini tahlil qilish va ularning ko‘zlangan modelini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijalarini tasdiqladi.

Xususan, ishlab chiqarishni rejalashtirish, tovar va materiallar bilan ta’minlash, xizmatlar ko‘rsatish, jihozlardan foydalanish, ularga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash sohasidagi mavjud amaliyot va me’yoriy-uslubiy hujjatlarni tahlil qilish natijalari ko‘rib chiqildi.

“E&Y” maslahatchisi, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarining boshqa aloqador jarayonlar bilan integratsiyasini o‘z ichiga olgan elementlar bo‘yicha sxemalarni ham o‘zida aks ettiruvchi ko‘zlangan (“to be”) jarayonlar modeli tavsifini taqdim etdi.

Ishlab chiqarishni rejalashtirish, tovar va materiallarni rejalashtirish va yetkazib berish, xizmat ko‘rsatish, jihozlardan foydalanish va ta’mirlash sohasida me’yoriy-uslubiy hujjatlar ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

Boshqaruv qo‘mitasi Loyiha 4-bosqichi “Jarayonlarning ko‘zlangan modelini amalga oshirishda ishtirok etadigan xodimlarni o‘qitish” doirasidagi ishlarni boshlashni ma’qulladi.

“E&Y” maslahatchisi “Korxonaning operatsion samaradorligi indekslarini hisoblash metodikasi va amaliyoti” hamda “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalarida uskunalarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatishda yangi yondashuvlar” mavzulari bo‘yicha o‘quv dasturlarini taqdim etdi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Boshqaruv qo‘mitasi ishchi guruhga jarayonlarning ko‘zlangan modelini amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlarni tezlashtirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz