2020 yil 6 aprel kuni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev rahbarligida “Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish” investitsiya loyihasining qurilish maydonida navbatdagi sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz” AJ, “Uzbekistan GTL” MChJning mas’ul rahbarlari, hamda bosh pudratchi – “Hyundai Engineering Ltd.” va “Enter Engineering Pte. Ltd.” konsortsiumi, loyihaning boshqaruvi bo‘yicha maslahatchisi -  TechnipFMS kompaniyasining direktsiya rahbarlari, shuningdek mas’ul mutaxassislar ishtirok etdilar.
Bugungi kunda loyihaning umumiy bajarilishi 86%ga etdi. Qurilish maydonida 10 mingga yaqin ishchilar va 936 dona qurilish texnikasi jalb etilgan.
Sayyor  yig‘ilishda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi GTL zavodining asosiy texnologik qurilmalarning qurilish jarayoni hamda qurilish maydonida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekistonda va butun dunyoda vujudga kelgan epidemiologik vaziyatga qaramasdan, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqadagi eng yirik bo‘lgan zavod qurilishi davom etmoqda, bunda ushbu strategik muhim loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan har bir xodimning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha barcha zarur profilaktik chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Yig‘ilish so‘ngida, mutaxassis, asbob-uskuna va resurslarni maksimal darajada jalb etgan holda qurilish-montaj ishlarining jadal ijrosini ta’minlash, shuningdek, zavod qurilishini o‘z vaqtida tugallashini va joriy yilda ishga tushurilishini ta’minlashga qaratilgan boshqa bir qator ko‘rsatmalar berildi.

 

manba: "Uzbekistan GTL" kompaniyasining matbuot markazi