"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi "Sho‘rtan gaz kimyo kompleksining tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish" investitsiya loyihasining qurilish maydoniga navbatdagi tashrifini amalga oshirdi.

Tashrif davomida GTL zavodining asosiy texnologik qurilmalarning qurilish jarayoni hamda qurilish maydonida faoliyat olib borayotgan mutaxassis va ishchi-xodimlarning mehnat sharoitlari o‘rganildi.

O‘zbekistonda va butun dunyoda vujudga kelgan epidemiologik vaziyatga qaramasdan, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqadagi eng yirik bo‘lgan zavod qurilishi davom etmoqda.

Ushbu strategik muhim loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan har bir xodimning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha barcha zarur profilaktik chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Tashrif doirasida loyihaning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishiga qaratilgan bir qator ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, to‘liq loyihalash quvvatiga erishgach, zavodda yiliga 3,6 milliard kubometr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna neft va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.


"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz