“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig‘i bilan O‘zbekiston Respublikasi hududiga importdan olib kirilayotgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan gaz kimyo mahsulotlari hajmini kamaytirish va yangi turdagi polimer mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va eksport salohiyatini oshirish maqsadida qator chora-tadbirlar belgilab olingan.

Xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ Gazni qayta ishlash va gaz kimyo departamenti mutaxassislari tomonidan yangi yuqori samarali texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha litsenziar kompaniyalar bilan izlanishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 9-sentyabr kuni Germaniyaning “ThyssenKrupp AG” kompaniyasi bilan hamkorlikda bo‘lib o‘tgan muzokarada ham, e’tibor kam tonnajli (ishlab chiqarish quvvati 50 ming tonnagacha bo‘lgan loyihalar) istiqbolli loyihalar yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish masalalariga qaratildi.

O‘zbekistonda qazib olinadigan xomashyo va ishlab chiqariladigan yarim tayyor mahsulotlardan oqilona foydalangan holda yuqori qo‘shilgan qiymatdagi neft va gaz kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarish eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan, “ThyssenKrupp AG” kompaniyasi mutaxassislari kompaniyada mavjud texnologiya va ularning o‘ziga xos jihatlari bilan yaqindan tanishtirib chiqdilar. Loyihalar ichida suyultirilgan gaz xomashyosidan propilen va butilen mahsulotlarini olish bo‘yicha “Star” litsenzion texnologiyasi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etildi

“Star” texnologiyasining alternativ texnologiyalardan farqi va afzalliklari bo‘yicha ma’lumot berildi. Sanoat miqyosida ushbu texnologik yechim asosida 2010-yilda Misr davlatida polipropilen olishda joriy etilishi natijasida yuqori samaradorlikka erishilganligi e’tirof etildi.

Muzokara davomida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. O‘zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun tomonlar tegishli ma’lumotlarni tahlil qilib, kelgusida kam tonnajli loyihalarni amalga oshirish ishlarini hamkorlikda davom ettirishga kelishib oldilar.

Shuni ta’kidlash joizki, kam tonnajli loyihalar respublikamizning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yuksaltiradigan asosiy drayverlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Olib borilayotgan muzokaralar, kelajakda yuqori talabga ega bo‘lgan yangi turdagi neft va gaz kimyosi mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘zda tutadigan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali respublikamizning eksport potentsialini o‘sishiga ta’sir etuvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: “ThyssenKrupp AG” kompaniyaci Germaniyaning top sanoat kontsernlaridin biri hisoblanib, dunyo miqyosida 160 dan ortiq davlatlarda o‘z xizmatlarini amalga oshiradi. 80 dan ortiq mamlakatlarda vakolatxonalariga ega. Sanoat ishlab chiqarish korxonalari texnologiyasi xususan, gaz kimyo sanoati uchun 100 dan ortiq litsenzion texnologiyalarga ega.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

www.sgcc.uz