Joriy yilning 8-noyabr kuni Energetika vaziri Alisher Sultanov Frankfurt-na-Mayne shahrida bo‘lib o‘tgan Germaniya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining 5-yig‘ilishida nutq so‘zladi.
Energetika vaziri “O‘zbekiston Respublikasi energetika sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari” mavzusidagi taqdimotida mamlakatimizda energetika sohasini isloh qilishning borishi va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan quvvatlarni oshirish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanganidek, mustaqil ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh stansiyalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyati 51 milliard neft ekvivalentiga, shamol stansiyasidan elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyati esa 360 million tonna neft ekvivalentiga teng.
O‘zbekistonda 2019-yildan buyon quyosh fotoelektr stansiyalari (QFES) va shamol elektr stansiyalarini (SHES) qurish va ulardan foydalanish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tenderlar o‘tkazish jarayonlari davom etmoqda.
Shunday qilib, Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida umumiy quvvati taxminan 500 MVt bo‘lgan tenderlarning 2-bosqichi bir kilovatt soat elektr energiyasi uchun 2,67 va 1,89 sent bo‘lgan rekord darajadagi past tariflar bilan yakunlandi. 2021-yilning avgust oyida “Masdar” (BAA) bilan birinchi bosqich yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi 100 MVt quvvatga ega QFES ishga tushirildi.
Joriy yilning avgust oyida respublika hududlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan QFES loyihasi bo‘yicha tenderning uchinchi bosqichi e’lon qilingan bo‘lib, arizalar 29-noyabrga qadar qabul qilinadi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan birgalikda 2019-2025-yillarda umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan QFES qurilishi bo‘yicha tenderlar o‘tkazilmoqda. Respublikaning yana 2 ta hududida umumiy quvvati 400 MVt bo‘lgan QFES loyihalari bo‘yicha tender savdolari e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, shamol elektr stansiyasi loyihalari ustida ish olib borilmoqda. Shunday qilib, “ACWA Power” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘olibi bo‘ldi. Ushbu tender tanlovi ETTB ko‘magida o‘tkazildi. Shu bilan birga 2022-yilda 200 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha tender o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tadbirda qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarida ishtirok etishga taklif etilgan nemis kompaniyalari katta qiziqish bildirdi.
Taqdimot davomida O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan turli loyihalari, jumladan, podstantsiyalar, elektr uzatish tarmoqlarini qurish, neft-gaz sanoatiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, neft va gaz qazib olish uskunalari va boshqalarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi loyihalar taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati