O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yilga “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berildi.

Davlat rahbarining Oliy Majlisga murojaatnomasida yoshlarimizga bo‘lgan e’tibor, joylardagi mahalliy kengashlarda, mahalliy rahbarlar, umuman, butun mana shu muhit yoshlarga e’tibor qilish zarurligi ta’kidlandi va ushbu maqsad yo‘lida yoshlarimiz o‘z oldiga katta marralarni qo‘yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Davlat rahbarining yoshlarga oid siyosatini qo‘llab-quvvatlash, “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida ustuvor vazifalarni amalga oshirishda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash masalalarini muhokama qilish maqsadida, Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.

Muloqot avvalida, Mehriddin Abdullaev 2020-yil neft-gaz sohasi uchun ham og‘ir kelgani, koronavirus pandemiyasi bo‘lishiga qaramay, “O‘zbekneftgaz” AJda bir soniya ham qazib chiqarish hamda qayta ishlash to‘xtamagani, aksincha, natijalar ijobiy bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi.

Samaradorlikka erishishda esa yoshlarning hissasi katta bo‘lgani va aynan ular neft va gaz sohasining kelajagi, umidi ekanligi ta’kidlandi.

Shu sababli, yoshlar ko‘proq kitob o‘qishi, o‘z ustida ishlashi va zamonaviy bilimlarni mukammal o‘zlashtirishi, bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanishi kerakligi aytildi.

Ayni paytda “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatida jami 40 099 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Ushbu xodimlardan 8590 nafarini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qilib, umumiy xodimlar sonining 21 foizini tashkil qiladi.

Boshqaruv raisi sohada yoshlarga yanada keng imkoniyatlar yaratib berilishini aytib, 2021-yilda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi ta’lim dargohlari, yurtimizdagi va xorijdagi boshqa Oliy ta’lim muassasalari hamda kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini tizimdagi korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig‘i bilan neft va gaz bo‘yicha kadrlarni yetishtirib beruvchi Oliy ta’lim muassasalari bilan ham hamkorlik aloqalari mustahkam yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, ta’lim va tadqiqot sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida, Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Toshkent davlat texnika institutlari o‘rtasida Memorandumlar imzolandi.

Boshqaruv raisi bo‘yrug‘iga asosan, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali talabalari uchun “Boshqaruv raisining stipendiyasi” joriy etilgan bo‘lib, 2020-yilda Oliy ta’lim muassasalarining 26 nafar iqtidorli talabalariga “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi tayinlandi.

Bundan tashqari, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturiga asosan, sohaga tegishli mutaxassislik yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarga o‘quv yili davomida majmuaning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Mehriddin Abdullaev o‘z nutqida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga murojaat bilan chiqish qilib, 2021-yilni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash yili” deb e’lon qilganligidan kelib chiqib 2021-yil uchun jamiyatning yoshlar siyosati bo‘yicha alohida to‘xtalib o‘tdi va har bir yosh bilimga chanqoq bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda yosh mutaxassislar neft va gaz sohasidagi amaliy ishlari, o‘zlarining olib borayotgan ilmiy ishlari va tadqiqotlari, sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan innovatsion g‘oyalari, turli muammolar va ularning yechimlari hamda o‘zlarining qator takliflarini bildirishdi.

Boshqaruv raisi o‘zining misolida, har bir yosh, o‘z kuchi, g‘ayrati va bilimi bilan kelajakda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi lavozimini egallashi mumkin ekanligini, buning uchun tinimsiz mehnat qilish kerakligi bo‘yicha maslahat va yo‘nalishlar berdi.

Uchrashuvda yoshlarning fikr, taklif va mulohazalarini eshitishga ham keng imkoniyat yaratildi. Xususan, “Uzbekneftegaz GTL” zavodi, “Kuchlik neft bazasi”, “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodi kabi tizim korxonalarining yoshlar yetakchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va o‘z takliflarini ochiq bayon etishdi.

Muloqot yakunida tizimda faoliyat yuritayotgan bir guruh yoshlar, jamoat ishlarida, yoshlar siyosati yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlarni jamoatchilikka yetkazishdagi faolligi uchun esdalik sovg‘alar va Boshqaruv raisining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandilar.

FOTOLAVHA

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz