Joriy yilning 6-mart kuni Toshkent shahridagi “Xalqaro Kongress xoll” anjumanlar markazida “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Ushbu marosimda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamda davlat va jamiyat hayotidagi faol ayollar ishtirok etdi.

Bayram tadbirida Prezident ayollarni moddiy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy-siyosiy hayotda va tadbirkorlik sohasida ayollarning o‘rnini tubdan oshirishga qaratilgan qaror va farmonlar qabul qilinganligi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizdagi barcha xotin-qizlarga tabrik yo‘llandi va bir guruh xotin-qizlarni, shuningdek, Zulfiya nomidagi davlat mukofotining bu yilgi sohibalari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida yillar davomida samarali mehnat qilib kelayotgan faol xotin-qizlaridan biri bo‘lgan Alikulova Shahnoza Sattarovna ham davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda qatnishib o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda respublikamizning faol xotin-qizlari, jumladan, davlat va san’at arboblari qatorida ishtirok etish baxtiga sazovor bo‘lganimdan behad xursandman.

Ayniqsa, Prezidentimiz bilan o‘tgan uchrashuvda, davlat rahbarining biz kabi ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga ko‘maklashish bo‘yicha eng quyi bo‘g‘in – mahalla va xonadongacha kirib boradigan vertikal tizim yaratilishiga alohida e’tibor berganlari, "Biz yaxshi tushunamiz xotin-qizlarning huquq va manfaatlari ta’minlangan jamiyatda albatta tinchlik, adolat, erkinlik va farovonlik bo‘ladi. Ayol baxtli bo‘lsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli bo‘ladi", – degan so‘zlari menda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, "O‘zbekneftgaz” AJ xotin-qizlari uchun uyushtirilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi, kimyo fanlari doktori Rashidova Sayyora Sharofovna bilan bir davrada o‘tirib suhbatlashish menda chuqur faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tizimida mehnat qilayotgan 4 mingdan ortiq xotin-qizlar vakili sifatida tantanali marosimda ishtirok etganimdan, neft va gaz sohasidagi kichik bo‘lsa ham mehnatimizni qadrlab, menga ishonch bildirgan “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Bunday tadbirda ishtirok etishda ota-onam, oilam, majmuaning barcha xodimlari va xotin-qizlar qo‘mitasining salmoqli hissasi bor deb hisoblayman va ularga alohida tashakkurimni yetkazmoqchiman.

Majmua barcha xotin-qizlarini bayram bilan muborakbod etib, bir narsani alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman: hech qachon o‘z ustimizda ishlash va izlanishdan to‘xtamasligimiz lozim, zero mamlakatimizda biz ayollarga har bir sohada o‘z salohiyatimiz va imkoniyatlarimizni namoyish etishimiz  uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Barchangizga oilaviy baxt, xotirjamlik, sihat-salomatlik tilab qolaman”, – deydi suhbatdoshimiz.

Darhaqiqat, yurtimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya qilinishini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz