Prezidentimiz tomonidan 2021-yilning noyabr oyida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali hududlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejasi ma’lum qilinib, 2 noyabrdan 10 dekabrgacha bo‘lgan muddatda daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” deb e’lon qilingan edi.

Ushbu loyiha doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 120 gektar yerni egallagan agro uchastka tashkil etildi. Ushbu agro uchastkaga 72 ming donadan ziyod mevali va manzarali daraxtlar ekilgan edi.

Hozirda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi hududida barpo etilgan ushbu bog‘da ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish, yashil maydonlarni kengaytirish ishlari davom ettirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–46-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida agro uchastkalarga ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish uchun zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatilmoqda.

Bundan tashqari, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan ko‘chatxonalar sonini ko‘paytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos xorijiy manzarali daraxtlarni mahalliylashtirish, “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni barpo etish, manzarali va mevali daraxtlarni parvarishlash, daraxtlarni sug‘orish tizimini qayta ko‘rib chiqish, uning samarali faoliyatini ta’minlash, tomchilab sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatish va xizmat ko‘rsatish kabi bir qator ishlar amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz