Joriy yilning 26-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda bo‘lib, yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan “Gaz-kimyo va energetika” ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Vazir dastlab, ilg‘or muhandislik maktabi o‘quv binosi va laboratoriyalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Talabalar bilan muloqot olib bordi.

Shundan so‘ng, majmua rahbari Sh.Aslanov tomonidan korxona va Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti o‘rtasidagi istiqbolli rejalar taqdimot qilindi. Taqdimot davomida Shurtan gaz kimyo majmuasidagi muammolar yechimiga qaratilgan 3 ta yirik loyiha institutning professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Vazir tomonidan oliy ta’lim va korxona integratsiyasiga asoslangan yangi yo‘nalishdagi maktablarni ochish yuzasidan tavsiyalar berildi.

O‘z navbatida, ilg‘or muhandislik maktabi tashkilotchilari tomonidan ham magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan taklif va mulohazalar bildirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, "Gaz-kimyo va energetika" ilg‘or muhandislik maktabida neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, elektr ta’minoti va kimyoviy texnologiya mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Ushbu dargohda 2024-2025 o‘quv yili davomida 24 nafar magistr, 6 nafar yosh olim va doktorantlar ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish, korxonaning ilmiy texnologik muammolari bo‘yicha jami 3,0 mlrd. so‘mlik 3 ta ilmiy loyiha bajarilishi rejalashtirilgan.

Ilg‘or muhandislik maktabi talabalariga Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hamda Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti, Germaniyaning Drezden texnika universiteti, Rossiyaning Tomsk texnika universiteti, Belarus milliy texnika universiteti professor-o‘qituvchilari, korxonaning ko‘p yillik tajribaga ega malakali mutaxassislari saboq beradi.

Shuning barobarida dars mashg‘ulotlari jahondagi TOP-300 universitetlarning chuqurlashtirilgan modulli o‘quv dasturlari, o‘quv rejalari, xorijda chop etilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalar asosida o‘tkaziladi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati