Ukrainaning “Turbogaz” korxonasi rahbariyati va mutaxassislaridan iborat delegatsiya a’zolari O‘zbekistonga tashrif buyurib, “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli qazib chiqarish boshqarmalari va uglevodorodlarni qayta ishlovchi korxonalar faoliyati bilan tanishishdi.
Delegatsiya a’zolari Muborak va Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari va “Muborak” gazni qayta ishlash zavodida bo‘lib, turbodetander agreagatlarini ekspluatatsiya jarayonlari bilan tanishishdi.
Bundan tashqari, ular boshqarma va zavodlardagi mutaxassislar bilan o‘zaro malaka almashib, uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Ikki tomonlama manfaatli bo‘lgan ushbu uchrashuv “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tashabbusi bilan Ishlab chiqarishni texnik tartibga solish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Departamentning Bosh mexanik bo‘limi mutaxassislari “Turbogaz” korxonasi vakillari bilan “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi qurilmalarida “Turbogaz” korxonasi tomonidan yetkazib berilgan va o‘rnatilgan turbodetander agregatlarining holatini o‘rganishdi.
Shuningdek, turbodetander agregatlarining ishlashi va ishlatilish jarayonida yuz bergan nosozliklar, nosozliklarni bartaraf etish hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi personallarning malakasini oshirish va amaliy mashg‘ulotlar o‘tish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Turbodetander agregatlariga servis xizmat ko‘rsatish va ishdan chiqqan ayrim ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish maydonchasining o‘zida ishchi holatini qayta tiklash bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi mavjud neft va gaz qazib chiqarish hamda qayta ishlash korxonalarida “Turbogaz” korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan 42 dona turbodetander agregatlari “Past haroratli separatsiyalash” hamda “Propan butan fraktsiyalari ajratib olish” qurilmalarida ishlatilib kelinmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan