Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan O‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatlardan biridir. Darhaqiqat, til – millat tafakkurining bebaho xazinasi, ulkan boyligi sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahonda o‘z ona tilini ulug‘lamagan, uning sha’ni, obro‘si uchun kurashmagan xalqni topish mushkul. Tilda har bir xalqning asrlar davomida bosib o‘tgan yo‘li, tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari, madaniyati va san’ati, ma’naviyati o‘zining yaqqol ifodasini topgan. Shu bois uni ko‘ngil mulkining bebaho gavhari, duri kabi saqlaydilar.

“Globallashuv asri”, “Yuksak texnologiyalar zamoni”, “Texnikaviy inqiloblar davri” deb atalayotgan dunyoning bugungi manzarasida til va uni o‘rganishga munosabat masalasi hamon o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jahon xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va ma’rifiy hayotida ular tomonidan qo‘llanilayotgan milliy tillarga juda katta ehtiyoj sezilmoqda. Bu ehtiyoj tufayli ba’zi bir tillarning nufuzi kundan-kunga oshib borayotgan bo‘lsa, ba’zi tillar tanazzulga yuz tutmoqda.

Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo tillarining soni 7000 dan oshadi.

O‘zbek tili dunyodagi eng boy va chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan buyuk tillardan biridir. Ona tilimiz yurtimizdagi qadim va muqaddas, mo‘jizaviy buloqlardek toza va musaffo, iste’molga doim yaroqli bo‘lishi shart. Uning ichki imkoniyatlari cheksiz va mislsizdir. Undan o‘rinli foydalanish, tilning sofligi, tabiiyligi uchun kurashish, og‘zaki va yozma nutqda til me’yorlariga to‘liq rioya qilish, ona tilining buloqdek musaffoligini, tarovatini saqlab qolish barchamizning elu yurt oldidagi sharafli va ayni chog‘da muqaddas burchimizdir.

 

 

www.sgcc.uz