2019 yilning 06-08 noyabr kunlari majmuada O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2019 yil 12 yanvardagi 1-sonli buyrug'i bilan tasdiqlangan “2019 yilda “O'zbekneftgaz” AJ tizimida gaz xavfi bor favqulodda vaziyatlar va ularning oldini olishda ishchi-xizmatchilarni va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli vaziyatlardan muhofaza qilish yuzasidan “Asosiy tadbir”larini o'tkazish Rejasi” hamda “O'zbekneftgaz” AJning 2019 yil 28 oktyabrdagi 08/16-44-sonli xatiga binoan o'quv-metodik yig'in va ko'rgazmali taktik-maxsus o'quv mashg'ulotlari o'tkazildi.
Ushbu mashg'ulotlarni yuqori saviyada tashkil etish va uni o'tkazish maqsadida majmuaning 2019 yil 17 oktyabrdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ijrosi uchun mas'ullar belgilandi. Bu galgi taktik-maxsus o'quv mashg'ulotlari “Korxona xavfsizligini ta'minlash, sodir bo'lishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlar bo'yicha ogohlantirish va ularning oqibatlarini bartaraf etishda rahbar, qo'mondonlik-boshqaruv tarkibi, qo'riqlash bo'linmasi va fuqaro muhofazasi tuzilmalarining harakati” mavzusiga bag'ishlandi.
Taktik-o'quv mashqlarida “O'zbekneftgaz” AJ rahbarlari va jamiyat tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalardagi mas'ul xodimlar, O'zbekiston Milliy Gvardiyasi shaxsiy tarkibi, Qashqadaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi, Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar bo'limi shaxsiy tarkibi, Qashqadaryo viloyat Sog'liqni saqlash boshqarmasi xodimlari, O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toifalangan ob'ektlarni qo'riqlash qo'shinlari qo'mondonligiga qarashli harbiy qism shaxsiy tarkibi, G'uzor harbiylashtirilgan gazdan qutqaruv otryadi shaxsiy tarkibi, ShGKM MChJ OYoMQ YoXB shaxsiy tarkibi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Taktik-maxsus o'quv mashg'ulotda to'rtta mavzu va shu mavzularni amalda ko'rsatib beradigan o'quv jarayonlari tanlandi.
1- o'quv jarayoni. Ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati.
Birinchi o'quv jarayoni davomida majmuada favqulodda vaziyatlar sodir bo'lganda aloqa va xabar berish tizimi bo'yicha tegishli xizmat tarmoqlariga tezkor xabarni yetkazish, rahbarlar tarkibiga xabar berish va ularni yig'ish, amalga oshirilgan ishlar bo'yicha ma'lumotlarni umumlashtirish va tahlil qilish, barcha bosqichlarda majmuani uzluksiz barqaror ishlashini ta'minlash bo'yicha tezkor boshqaruvni, bundan tashqari ma'lumotlarni qabul qilish, ularni o'rnatilgan tartibda rahbar xodimlarga yetkazish yuzasidan Ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati xodimlarining tezkor harakatlari namoyish etildi.
2- o'quv jarayoni. Majmua hududi.
Ikkinchi o'quv jarayonida 2019 yil 08 noyabr kuni qo'riqlanayotgan ob'ektning texnik qo'riqlash vositalari bilan yaxshi jihozlanganligidan xabardor bo'lmagan 5 nafar terrorchilardan iborat kichik guruh o'ta muhim ob'ekt hisoblangan Sho'rtan gaz kimyo majmuasiga hujum uyushtirib, majmuadagi polietilen granulasi saqlash omborxonasini portlatish natijasida majmuada ishlab chiqarish faoliyatini izdan chiqarishni ko'zlagan hatti-harakatlari bartaraf etish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi, Qashqadaryo viloyat Ichki ishlar bo'limi shaxsiy tarkibi, O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Toifalangan ob'ektlarni qo'riqlash qo'shinlari qo'mondonligiga qarashli shaxsiy tarkibining sodir bo'lishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatni bartaraf etishdagi harakatlari namoyish etildi.
3- o'quv jarayoni. Majmua hududi. TM va XA sexida sodir bo'lgan yong'inni bartaraf etish.Majmua tayyor mahsulotlar va xom ashyo sexining Buten-1 mahsulotini saqlash rezervuaridagi mahsulot kirish quvuri flanets birikmasi yorilishi natijasida gazlarni sirqib chiqishi oqibatida yonish-portlash xavfi bor bo'lgan gazlarning atmosfera havosiga ajralib chiqishi natijasida sodir bo'lishi mumkin bo'lgan yong'inni bartaraf etishda ShGKM MChJ OYoMQ YoXB shaxsiy tarkibi, G'uzor harbiylashtirilgan gazdan qutqaruv otryadi shaxsiy tarkibi, tibbiyot xodimlari, sandrujinachilar hamda TM va XA sexi “Ko'ngilli yong'in o'chirish guruhi xodimlarining tezkor harakatlari namoyish etildi.
4-o'quv jarayoni. Yer qimirlashi (zilzila) talofotlarini bartaraf etish.
Taktik-maxsus o'quv mashqlarining to'rtinchi jarayonida yer qimirlashi, ya'ni zilzila natijasida majmuada, to'g'rirog'i majmuaning ishlab chiqarish texnologik sexlarida kuchli (Rixter shkalasi bo'yicha 7-8 ball) zilzila oqibatida jabrlangan ikki nafar ishchi-xizmatchilarni qutqarish bo'yicha Qashqadaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi va G'uzor gazdan qutqaruv otryadi shaxsiy tarkibining yuzaga kelgan favqulodda holatni bartaraf etishdagi tezkor harakatlari, tibbiyot xodimlari va sandrujinachilarning halokat natijasida jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish jarayonlari namoyish etildi.
Taktik-maxsus o'quv mashg'ulotlari so'nggida O'zbekiston Respublikasi Mudofaa fazirligi Toifalangan ob'ektlarni qo'riqlash qo'shinlari qo'mondonligiga qarashli harbiy qism shaxsiy tarkibining ko'rgazmali chiqishlari taktik-maxsus o'quv mashg'ulotlariga o'zgacha shukuh bag'ishladi.
Majmuada o'tkazilgan taktik-maxsus o'quv mashqlari ko'zlangan natijalarga erishildi. Kuzatuvchilar tomonidan boshqa davlat tashkilotlari xizmatlari fuqaro muhofazasi bo'yicha o'z oldiga qo'yilgan vazifani a'lo darajada uddalaganligi, ya'ni hamkorlikdagi tezkor hatti-harakatlari tufayli favqulodda vaziyatlar bartaraf etilganligi va uning oqibatlari tugatishga erishganlarini qayd etib, mazkur taktik-maxsus o'quv mashg'ulotni namunali tashkil etilgan deb topildi.
Ushbu taktik-o'quv mashg'ulotni namunali tashkil etishga o'z hissasini qo'shgan hamkor tashkilotlarga “Sho'rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ rahbariyati tomonidan minnatdorchiligi bildirilib, tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.