Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi Amin yordamida gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasining 1-navbatida ogohlantirilgan rejali to‘la ta’mirlash ishlari olib borildi.

Ushbu qurilmaning 1-navbati 1985 yilda ishga tushirilgan. Uning vazifasi qurilmadan chiqayotgan regeneratsiya gazlarini oltingugurt va karbonat angidritdan tozalashdan iborat. U yillik 0,8 mlrd metr kub regeneratsiya gazini qabul qilishga mo‘ljallangan.

Amin yordamida gazni oltingugurtdan tozalash qurilmasining 1-navbati ta’mirlashga to‘xtatilgan davrda qayta ishlash hajmining qisqarishini oldini olish uchun Bosh inshootdagi qurilmalarning ish rejimlari optimallashtirildi. Natijada qayta ishlash uchun uzatilayotgan umumiy gaz hajmi kunlik 1,6 ming kub metrga qisqarishining oldi olindi.

Qurilmani ta’mirlash natijasida kuz-qish mavsumida uning barqaror ishlashi ta’minlandi va “O‘ztransgaz” AJning Muborak magistral gaz quvurlari boshqarmasiga uzatilayotgan gazning sifat ko‘rsatkichlarini OʻzDSt-948:2016 talabi darajasiga ko‘tarishga erishildi.

Respublikamizda koronavirus pandemiyasi tufayli karantin rejimi bo‘lishiga qaramasdan, boshqarmada virus tarqalishini oldini olish chora-tadbirlariga qat’iy amal qilgan holda qurilmaning 1-navbatida rejali ta’mirlash ishlari muvaffaqiyatli yakunlanib, rezervga olindi.


“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz