25 dekabr kuni Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “IT-PARK” inkubatsiya markazining ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institutning hamkor ishlab chiqarish korxonalaridan ham vakillar ishtirok etdilar.
Kunning ikkinchi yarmida "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi"dan tashrif buyurgan vakillar tomonidan Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutida neft va gaz, energetika, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish hamda kimyoviy texnologiya ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan 4 bosqich talabalaridan majmua tomonidan joriy etilgan stipendiya dasturlari bo‘yicha sinovlar tashkil etildi.
Qayd etib o‘tish joiz, Sho‘rtangaz kimyo majmuasi tomonidan joriy etilgan stipendiya dasturlari doirasida g‘oliblikka erishgan talabalar institutdan olayotgan bazaviy stipendiyasidan tashqari qo‘shimcha korxona tomonidan oyma-oy stipendiya bilan ta’minlanadi. Shu bilan bir qatorda, o‘qishni tamomlagach, majmuada ishga joylashish uchun katta zamin yaratiladi.
Shu o‘rinda, “Uzbekistan GTL” kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan stipendiya dasturida institutning 4 nafar talabasi g‘oliblikka erishgan, 2 nafar talabasi faol qatnashganligi tufayli sertifikat bilan taqdirlangan edi.
Institut jamoasi "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" hamda “Uzbekistan GTL” kompaniyasining raxbariyati va jamosiga talabalarga taqdim etilayotgan ushbu imkoniyatlar, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasidagi faol hamkorligi uchun minnatdorchilik bildiradi!
QarMII matbuot xizmatidan