Urganch Davlat Universitetining Kimyo yo‘nalishida tahsil olayotgan bir guruh talabalari Sho‘rtan gaz kimyo majmusining Markaziy laboratoriyasida amaliyot o‘tashmoqda.

Oliy o‘quv yurtlarining “Kimyo” yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarni yetarli bilim va ko‘nikmalarga, kimyoviy amallar va tajribalar haqida tasavvurlarga ega bo‘lishida ishlab chiqarish sinov laboratoriya ishlari bilan tanishish muhim ahamiyatga egadir.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining Markaziy laboratoriyasi AQSHning Fisher Scientifik World Wide kompaniyasi tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, zavod markaziy laboratoriyasi analitik priborlar ishlab chiqarishda dunyo yetakchilari hisoblangan Fisher Hamilton (AQSH), Zwick GmbH&Co (Germaniya), Instron Corp. (Angliya), Toyo Seiki Ltd (Yaponiya), Mettler Toledo (Shveytsariya), Euroglas Analytical Instruments (Niderlandiya), Qualitest (Kanada) kabi bir qator kompaniyalarda ishlab chiqarilgan priborlar va vositalar bilan jihozlangan.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan investitsion loyihalar asosida amalga oshirilayotgan yangi korxonalarni, jumladan “Uzbekistan GTL” MCHJ, “SURHAN GAS CHEMICAL OPERATING COMPANY”, “JIZZAKH PETROLEUM” kabi korxonalarni ishga tushurish va loyihalash jarayonlaridagi laboratoriya analizlarini bajarish nazorati bilan bog‘liq vazifalar Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining Markaziy laboratoriyasi zimmasiga yuklatilgan.

Bundan tashqari, “Uz-Kor Gas Chemical” MCHJ, “Qandim GQIZ”, “Uzbekistan GTL” MCHJ hamda “Gazli GQIZ” korxonalari laboratoriyasi xodimlarini tayyorlash aynan markaziy laboratoriya bazasida malakali xodimlar tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.

Yosh va iqtidorli mutaxassis kadrlarni tayyorlashda ham markaziy laboratoriya majmuada o‘zining muhim o‘rniga ega. Har yili oliy ta’lim muassalarida “Kimyo” va “Kimyo texnologiyasi” yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalar o‘zlarining tanishuv yoki ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tash uchun Zavod markaziy laboratoriyasiga kelishadi. Talabalarni amaliyotlarini yuqori saviyada o‘tishini tashkil etish laboratoriyaning malakali mutaxassislari tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz