Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyati va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘i bilan sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar muammolarini muhokama qilish maqsadida boshqarma, korxona va tashkilotlarning rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Xususan, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bo‘lib o‘tgan “Rahbar va xotin-qizlar” deb nomlangan uchrashuvda korxonada mehnat qilib kelayotgan ayollarga yaratilishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlar, ularni qiynab kelayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.

Ayni paytda majmuada 678 nafar xotin-qiz faoliyat olib bormoqda. Ularga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish maqsadida joriy yilda majmuada xotin-qizlar Kengashi tuziladi va unga har bir bo‘g‘indan yetakchilar saylanadi.

Shuningdek, “Xotin-qizlar qabuli kuni” tashkil qilish ham rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ayollarni sohalar kesimida qayta tayyorlash hamda ularni kasbga yo‘naltirish va malakasini oshirib borish choralari ko‘riladi.

Bu kabi tadbirlar orqali sohada xizmat qilayotgan xotin-qizlarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishlariga imkon yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Uchrashuv davomida majmua xotin-qizlari o‘zlarining ko‘plab fikr-mulohazalari va takliflarini bildirishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz