Yurtimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, zamon talablariga javob beradigan mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jamiyat taraqqiyotini ilm-fan rivojisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki ilm-fan ishlab chiqarish, uning moddiy asosini yaratish, texnologik rivojlantirish va eng asosiysi kadrlar bilan ta’minlash vazifalarini o‘z zimmasiga oladi.

Hozirgi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ertamiz egalari bo‘lgan yosh avlodning o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi, o‘zi tanlagan kasb bo‘yicha o‘qishi, ishlashi va jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan mutaxassislar bo‘lib yetishishi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Ma’lumki, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida yurtimizdagi amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalardan biri bo‘lgan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish” investitsion loyihasi amalga oshirilmoqda.

O‘z navbatida, mazkur yirik loyihani amalga oshirish uchun malakali kadrlarni jalb etish hamda ularni qayta tayyorlash korxonaning oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Ushbu investitsion loyiha doirasida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining obyektlari kengaytirish, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida turli xil mahsulotlar ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash imkonini beradi. Bu esa, mamlakatimizda barqaror  iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga, shuningdek, gaz-kimyo sanoatida yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishda yordam beradi.

Bu borada, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ham milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan "Ustoz-shogird" an’analari asosida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Majmuaning yosh va salohiyatli ishchi-xodimlarini bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan malakali mutaxassislarni ushbu yoshlarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha berkitildi va ushbu mutaxassislar tomonidan yoshlarni doimiy ravishda bilim va malakalarini tekshirib borish maqsadida reyting tizimini joriy qilib, bilim ko‘nikmalari muntazam ravishda o‘rganib kelmoqda.

Shuningdek, korxonada mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh mutaxassislarni joriy yilning may oyida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida amalga oshirilgan joriy ta’mirlash ishlariga malakali mutaxassislar nazorati ostida jalb qilindi. Bu esa, o‘z navbatida yoshlarning bilim va tajribalarini yanada oshirishiga xizmat qiladi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz