2021-yil davomida “O‘zbekneftgaz” AJ tizimining hududiy tarmoqlararo ko‘rgazmalarida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ mutaxassislari korxona ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan import o‘rnini bosuvchi moddiy texnik resurslarni ishlab chiqaruvchi bir qator mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati va ular taqdim etayotgan mahsulotlar namunasi bilan tanishib chiqdilar.

Shunisi ahamiyatga molikki, bugungi kunga qadar, majmua ehtiyoji uchun yuqori bosimli shlanglar importdan xarid qilinayotgan edi. Mutaxassislar tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida mamlakatimizda “DrillFlot-Asia” MCHJ mahalliy korxonasida yuqori bosimli shlanglar ishlab chiqarilishi aniqlandi. Ushbu korxonadan o‘tgan yilning oktyabr oyida sinov aprobatsiya jarayoni uchun yuqori bosimli shlanglar olib kelindi va ishlab chiqarish texnologik dastgohlariga o‘rnatildi.

Ta’kidlash joizki, majmuaning "Bug‘gazhavo ta’minoti" sexiga qarashli ko‘chma harakatlanadigan liftni  yuqori bosim ostida ishlovchi shlanglarining sinov aprobatsiya jarayoni ijobiy yakunlandi.  

“DrillFlot-Asia” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan bu kabi shlanglarni xarid qilish va majmua ishlab chiqarish texnologik dastgohlarida samarali foydalanish natijasida korxonaning ko‘plab mablag‘lari iqtisod qilinishi mumkin. Kelgusida esa majmua ehtiyoji uchun zarur bo‘ladigan bu turdagi mahsulotlarni ichki bozorlardan xarid qilish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan har ikki tomonga ma’qul keladigan kelishuvlarga erishish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz