Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida olib borilgan joriy ta’mirlash ishlari o‘z nihoyasiga yetib, texnologik qurilma va uskunalarni bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi va majmua odatiy ish rejimida ishlay boshladi.

Majmuada olib borilgan joriy ta’mirlash ishlari davomida korxona bo‘yicha 50 dan ortiq issiqlik almashinish qurilmalari ochilib, quvurlar bog‘lami ichki qismlari yuqori bosimli suv yordamida tozalandi va texnik tekshiruv ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, 40 dan ortiq aylanuvchi mexanizmlarda ta’mirlash va 100 ga yaqin qurilma va idishlarda tozalash, ko‘rikdan o‘tkazish va diagnostika ishlari bajarildi.

Bundan tashqari, texnologik jarayon va qurilmalardagi 90 ga yaqin saqlovchi klapanlar tarirovka qilinib joyiga o‘rnatildi.

Joriy yilning 4 fevral kuni Markaziy Osiyo elektr ta’minoti tizimidagi uzilish sababli majmuadagi Etilen ishlab chiqarish sexining asosiy qurilmalaridan biri sanaladigan piroliz pechlarining yuqori haroratga chidamli maxsus radiant quvurlari mutloqo yaroqsiz holga kelgan edi. Majmuada amalga oshirilgan joriy ta’mirlash ishlari jarayonida mazkur qurilma ham korxonaning malakali mutaxassislari tomonidan qayta ta’mirlandi va to‘la quvvat bilan ishlay boshladi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, rejali joriy ta’mirlash ishlari ishlab chiqarish jarayonlarida kelgusida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan kutilmagan uzilishlarning oldini olish hamda texnologik qurilma va uskunalarning uzoq muddat sifatli va samarali ishlashini ta’minlash uchun xizmat qiladi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz