Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tasarrufidagi "Qarshitermoplast" sexida “Qingdao Xindacheng Plastic Machinery CO., LTD” (Xitoy) kompaniyasining tomchilab sug‘orish lentalari va ulovchi qismlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ekstruder hamda bosim ostida quyish qurilmalari o‘rtanildi va ishga tushirildi
Qurilma yordamida tomchilatib sug‘orish shlanglarini ishlab chiqarish hajmini hozirda mavjud bo‘lgan 2,5 ming gektardan 10 ming gektarga oshirish mo‘ljallangan bo‘lib, to‘la quvvat bilan ishlaganda bir daqiqada 250 pogono metr, bir yilda 120 mln. pogono metr tomchilatib sug‘orish shlanglari ishlab chiqariladi.
Ma’lumki, "Qarshitermoplast" sexida 200 ming kvadrat metr alyumin kompozitli panellar, 4,5 ming tonnadan ortiq tayyor polietilen mahsulotlari, shu jumladan, 3300 tonnadan ortiq polietilen quvurlar, 1000 tonnadan ortiq polietilen shlanglar, ulovchi qism (fiting)lar, tomchilab sug‘orish tizimlari va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Yangi tomchilatib sug‘orish quvurlari ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirilishi hisobiga "Qarshitermoplast" sexining yillik ishlab chiqarish quvvati ortib, qo‘shimcha 1000 tonna polietilen granulasini qayta ishlashga erishiladi. Bu esa, o‘z navbatida yurtimizda qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligini yanada oshirilishiga xizmat qiladi.
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati