Qashqadaryo viloyatiga kelgan Rossiya Federatsiyasining Kareliya Respublikasi hukumati a’zolari hamda Rossiyalik ishbilarmonlardan iborat delegatsiya vakillari “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJga tashrif buyurishdi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari va Shurtan gaz kimyo majmuasi rahbariyati hamda majmuaning sanoat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, mehnat va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat olib boruvchi mutaxassislari o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida, Rossiyalik ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat zonalarida foydalanish mumkin bo‘lgan eng zamonaviy o‘t o‘chirish vositalari, olovga qarshi qoplamalar, yong‘indan xabar beruvchi va uni o‘chiruvchi avtomatik uskunalar taqdimoti o‘tkazildi.

Shuningdek, delegatsiya azolari majmuaning zamonaviy texnologiyalari va yuqori samaradorlikka erishish uchun qo‘llanilayotgan innovatsion yechimlari bilan ham tanishdilar.

Uchrashuv so‘ngida, har ikkala taraf o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati