“O‘zbekneftgaz”AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” Qashqadaryodagi konlar, quduqlar, ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalar faoliyatini o‘rgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon ijrosi yuzasidan joylarda qilinayotgan ishlar o‘rganildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev rahbarligida “Ishchi guruh” a’zolari Qashqadaryo viloyatidagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari, konlar hamda quduqlarda bo‘lib, u yerdagi hozirgi holatni o‘rgandi.
Boshqaruv raisi va “Ishchi guruh” a’zolari dastlab Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tashrif buyurdi va bu yerda avvalo, koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, uning oldini olish uchun zarur bo‘ladigan dori vositalar va tibbiy buyumlar, himoya vositalari va test tizimlari bilan ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, Boshqarmaga qarashli konlarda bajarilayotgan ishlar holati o‘rganildi va karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda, ishlab chiqarishda mutloqo uzilish yoki kamayish bo‘lmasligi borasida vazifalar belgilab olindi.
Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” Muborak NGQChBga qarashli “Janubiy Muborak” konidagi burg‘ulash ishlari olib borilayotgan 10-sonli quduqdagi ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Burg‘ulash ishlarini olib borayotgan “ERIELL MIDDLE OFS DMCC” kompaniyasi mutaxassislari bilan qisqa muddatda burg‘ulash ishlarini yakunlash va foydalanishga topshirish bo‘yicha kelishib olindi.
Shuningdek, Boshqaruv raisi tomonidan quduqlarda olib borilayotgan burg‘ulash ishlarini belgilangan muddatlarda tugatish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish va uni qat’iy nazoratga olish bo‘yicha tegishli rahbarlarga topshiriq berildi.
Bundan tashqari, Boshqaruv raisi neft va gaz sohasidagi ishlab chiqarishning sezilarli oshishi yo‘lida xizmat qiladigan 3 ta Siquv kompressor stantsiyasining qurilish loyihasi taqdimoti bilan ham tanishdi.
Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida joylashgan ishlab chiqarish va qayta ishlar korxonalari, zavodlar, konlar hamda quduqlar faoliyatini o‘rganishni davom ettirmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan