"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi boshchiligidagi "Ishchi guruh" Qashqadaryodagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari, konlar va quduqlardagi holatni o‘rganmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 9 yanvar kuni imzolangan PQ–4563-sonli "2020–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qaror imzolangan edi.
Ushbu qarorga muvofiq, "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan "Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish" boshqarmasida mavjud uchta propan-butan aralashmasini olish qurilmasini (UPPBS-3/1,2,5) modernizatsiya qilish bo‘yicha qiymati 49,0 mln. dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirilmoqda.
"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev va "Ishchi guruh" ushbu investitsiya loyihasining amalga oshirilayotgani, ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari, zavodlar hamda tabiiy gaz qazib chiqarish konlaridagi holatni o‘rganish maqsadida Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi.
Loyihani amalga oshirish uchun 19,7 mln. dollarga teng Ukrainaning "Sumskoe NPO", Rossiyaning "KMPO", "NIPI NG PETON", "Elektrostandart-pribor", "Pegas", "ChTPZ", Shveytsariyaning "Endress+Hauser" va boshqa chet el zavodlarida ishlab chiqarilayotgan uskunalarni import asosida xarid qilish ko‘zda tutilgan hamda 11 ta xorijiy shartnomalar tuzilgan.
Boshqaruv raisi boshchiligidagi "Ishchi guruh" tomonidan karantin davrida ushbu shartnomalar bo‘yicha ishlarni to‘xtatmaslik va uzluksiz ish tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, qurilishda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlar uchun barcha sharoitlarni yaratish, ularning oylik-maoshlarini o‘z vaqtida berish, antiseptik va tibbiy niqoblar, maxsus kiyimlar bilan ta’minlash kerakligi ham ta’kidlandi.
Uskunalar bo‘yicha tayyorlash va yetkazib kelish ishlari boshlangani, ammo bu borada bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilindi, qisqa muddatda uskunalarni olib kelish va bu borada samarali ish tashkil qilish kerakligi aytildi.
Butun dunyoda karantin holati bo‘lib turganiga qaramay, allaqachon siquv kompressori stantsiyasining bir nechta almashuvchi ichki qismlari, turboblok, "NK-16 ST" turidagi gaz turbinali dvigatel, suyultirilgan gazni saqlash sig‘imlari, separatorlar, laboratoriya jihozlari kabi uskunalar keltirilgani esa alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Bosh pudratchi – "Muborakneftgazmontaj" MChJ tomonidan qurilish ishlarining 27 foizi bajarilgan bo‘lib, qurilish-montaj ishlarini joriy yilning noyabr oyida yakunlash vazifasi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, Boshqaruv raisi boshchiligidagi "Ishchi guruh" ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida uzluksiz ish tashkil etilishini nazorat qilish maqsadida, Qashqadaryo viloyati hududida joylashgan boshqarma, zavod, konlar va quduqlar faoliyatini o‘rganmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan