Qashqadaryoda ekologik toza dizel yoqilg‘isi, avia kerosin, suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan zavod qurilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJning Investitsiya loyihalarni amalga oshirish departamenti ma’lumotiga asosan, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining tozalangan metani asosida suyultirilgan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish” investitsion loyihasi - “Uzbekistan GTL” korxonasi qurilishi amalga oshirilmoqda.
Loyiha bo‘yicha tabiiy gazni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, uglevodorod xomashyosi importini qisqartirish, ichki bozorda sifatli va ekologik toza yoqilg‘iga mavjud bo‘lgan talabni qondirish, bozorni mahalliy xomashyodan ishlab chiqariladigan strategik mahsulotlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Umumiy narxi 3.6 mlrd. AQSh dollariga yaqin bo‘lgan loyiha davlat kafolati ostidagi Janubiy Koreya va Xitoy davlatlarining xalqaro moliya institutlari va moliya tashkilotlari, xorijiy tijorat banklari kredit mablag‘lari, “Tiklanish va taraqqiyot” jamg‘armasi hamda “O‘zbekneftgaz” AJ mablag‘lari evaziga moliyalashtirilmoqda.
Loyiha doirasida ushbu zavod yiliga jami 1,5 mln. tonna yuqori sifatli va ekologik toza bo‘lgan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradi. Jumladan, 724,6 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 307,3 ming tonna avia kerosin, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish jadvaliga muvofiq, iyun-iyul oylarida elektr energiyasi va xomashyo suv, yoqilg‘i gaz etkazish ishlari boshlanishi bilan yong‘inga qarshi tizimda ishga tushirish ishlari amalga oshiriladi (iyul), havo va katta bosimli bug‘ ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi hamda zavod ichkarisidagi podstantsiyada, bug‘ turbinali generatorlarda (oktyabr), kanalizatsiya suvlarini biologik tozalash uskunasida ishlar yakunlanadi (noyabr).
Zavod dunyoning neft va gaz kimyosi sohasida etakchi hisoblanadigan Sasol (Janubiy Afrika), Haldor Topsoe (Daniya) va Chevron (AQSh) kabi kompaniyalarning texnologiyalari asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, bu erda 808 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Bu erda ishlaydigan mutaxasisslar hozirda “Sho‘rtan”, “Ustyurt” gaz kimyo majmualari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hamda Qatar davlatidagi ishlab chiqarish zavodlarida ish o‘rganishmoqda.
Bugungi kunda loyiha doirasida ERC shartnomasi 86% dan ziyodga bajarilgan bo‘lib, qurilish maydoniga 9 ming nafardan ortiq mutaxassis va ishchilar, 900 dan ortiq qurilish va maxsus texnika jalb etildi.
Loyiha doirasida qurilish-montaj ishlarini joriy yilning dekabr oyiga qadar tugatish rejalashtirilgan.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati
www.sgcc.uz