"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan, "Uglevodorod xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash dasturi" doirasida "Yormoq" konida izlov-qidiruv burg‘ilash ishlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, joriy yilning may oyida karbonat yura qatlamining neft va gaz istiqbolligini o‘rganish maqsadida "Yormoq" konining 4-sonli qidiruv qudug‘ida burg‘ilash ishlari boshlangan edi. Quduqda 3175 metr chuqurlikgacha burg‘ilash ishlari olib borildi va yura qatlamlarining to‘liq neftgazga mahsuldorligi sinash ishlari boshlandi.

Ochiq o‘zanda 3175-3105 metr oralig‘ida olib borilgan sinash ishlari natijasida sanoat miqyosidagi tabiiy gaz oqimi olindi.

 
 

Hozirda ushbu olingan tabiiy gazning kunlik debiti (10 mm shtutserda) 75 ming kub metr tabiiy gaz va 1,2 tonna gaz kondensatni tashkil qilmoqda. Quduqda qatlam xususiyatlarini aniqlash maqsadida gazkondensat tadqiqot ishlari o‘tkazildi va quduq sinov-ishlatishga topshiriladi.

Ma’lumot uchun: "Yormoq" koni Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan bo‘lib, 2018 yilda ochilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz