O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va “O‘zbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan joriy yilning 11-12-noyabr kunlari Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan yarmarka davomida mahalliy korxonalar, xorijiy investorlar va ilmiy muassasalar vakillari bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazilib, salmoqli natijalarga erishildi.

Avval xabar berilganidek, yarmarkada xorijiy davlatlar va respublikaning barcha hududlaridan 900 ga yaqin ishtirokchilar qatnashgan bo‘lib, bunda neft-gaz korxonalarining ishtiroki alohida ahamiyatli bo‘ldi.

Xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan bu yilgi yarmarkada ilk marta “Maxsusenergogaz” AJ, “Jizzax Petrolium” QK, “O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari” MCHJ, “O‘zneftgaz quduq ta’mirlash” AJ, “Andijon quduqta’mirlash”, “Uzbekkimyomash zavodi” AJ kabi yetakchi mahalliy neft-gaz korxonalaridan tashqari “Eriell”, “Enter Engeneering” (Singapur), “Tatneft”, “Xromos Injiniring” MCHJ, “Idelmash”, “Polati” (Rossiya Federatsiyasi), “Wika”, “NTCS Group” (Qozog‘iston) kabi xorijiy kompaniyalar ham o‘z stendlari bilan ishtirok etishdi.

Bundan tashqari, yarmarkada “O‘zbekneftgaz” AJ ishtirokida tashkil etilgan “Uzkorgazkemikal” QK, “Gissarneftgaz” QK, “Natural gas stream” QK, “Aziya trans gaz” QK, “Ko‘kdumaloqgaz” QK, “New silk road” QK kabi qo‘shma korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot va ko‘rsatilayotgan xizmatlar, ularning faoliyat natijalari va istiqbolli loyihalari namoyish etildi.

Yarmarka davomida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi Raisi Mehriddin Abdullaevning yigirmaga yaqin ishtirokchilar bilan bevosita mahalliylashtirish va tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish yo‘nalishlarida amaliy uchrashuvlari o‘tkazilib, umuman tadbir davomida 327 ta aniq kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, “O‘zpromarm” MCHJ bilan korxonalar ehtiyojlari uchun berkitish-boshqarish klapanlarini 2022-yilda yetkazib berish jadvalini ishlab chiqish, “Chilon Lubrikants” MCHJ bilan neftgaz qazib chiqarish boshqarmalarining siquv kompressor stansiyalarida mahalliy moylarni tajribadan o‘tkazish, “Drill flot aziya” MCHJ bilan yuqori bosimli shlanglar nomenklaturasini kengaytirish va sifatini kafolatlash masalalari kelishib olindi.

Shuningdek, “Kimyoviy texnologiya” MCHJ xromatograflarni investitsiya loyihalari texnik buyurtmasiga moslashtirish, “SIBU” xorijiy kompaniyasi bilan burg‘ilash uskunalarini hamkorlikda ishlatish, “Andijonquduqta’mirlash” MCHJ bilan neftgaz konlari quduqlarini ta’mirlash hajmlarini kengaytirish va boshqa masalalar bo‘yicha bir yechimga kelindi.

Yarmarka yakunlari bilan “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan sanoat ehtiyojlari uchun 2021–2022-yillarda mahsulotlar, butlovchi buyum, materiallar hamda xizmatlarni mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berish bo‘yicha 249 ta shartnomalar imzolandi va yagona elektron kooperatsiya portali orqali moderatsiyaga berildi.

Mazkur shartnomalar doirasida neftgaz sanoati korxonalariga xizmatlar ko‘rsatish, filtrlar, sanoat moylari, berkitish-boshqarish qurilmalari, kimyo mahsulotlari, manometr va o‘lchagichlar, podshipniklar, bentonit, barit, manjetlar, rezinotexnika va elektrotexnika buyumlari, o‘t o‘chirish qurilmalari va boshqalarni mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra hududiy sanoat yarmarkasi doirasida mahalliylashtirilayotgan mahsulot va xizmatlarni ularning import o‘xshashi bilan solishtirganda o‘rtacha 138 mlrd so‘mlik mablag‘ iqtisod qilinishiga erishiladi.

Shu bilan bir qatorda, “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida import mahsulotlarga qaramlikni kamaytirish maqsadida mahalliy tadbirkorlar bilan 78 ta hamkorlik memorandumlari imzolanib, ular doirasida yangi mahsulot turlarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish, korxonalarda laboratoriya va sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tkazish hamda keyinchalik xaridga tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tashabbusi bilan hududiy sanoat yaramarkalarining ijtimoiy va amaliy ahamiyatini oshirish, ularga jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarni keng jalb etish maqsadida joriy yilda tajriba tariqasida yoshlar yugurish marafoni, hududdagi sanoat korxonalarining yosh mutaxassislari va sohaviy oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Zakovat” intellektual musobaqasi, “Yashil makon” kabi ommaviy tadbirlar ham muvaffaqqiyatli o‘tkazildi.


“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz