Bugungi kunda, ekologiya global soha sifatida e’tirof etilmoqda. Chunki butun dunyoda aholi sonining o‘sib borishi natijasida insonlar ehtiyojini qondirish uchun tabiiy resurslarga bo‘lgan talab ham keskin ortib bormoqda. Mazkur holat va boshqalar atrof-muhit holatiga ta’sir qilishi kunday ravshan bo‘lib bormoqda. Bu esa, atrof-muhit muhofazasi sohasiga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish kerakligidan dalolat beradi.  

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1972-yil 5-iyun kuni Stokgolm shahrida bo‘lib o‘tgan atrof-muhit muammolariga qaratilgan Butunjahon anjumanidan so‘ng, muammolarni jiddiyligiga e’tibor berildi va BMTning Atrof-muhit dasturi ishlab chiqildi. BMT Bosh Assambleyasining 1972-yil 15-dekabrdagi 2994-sonli rezolyutsiyasi bilan 5-iyun  — “Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni” deb e’lon qilindi.

Mazkur sana mamlakatimizda ham keng nishonlanadi. So‘nggi yillarda Respublikamizda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda.

“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJda ham atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablarining bajarilishini nazorat qilish Atrof-muhit muhofazasi xizmati zimmasiga yuklatilgan. Korxonada oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda ishlarni olib borish keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, “Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan Qarshi Davlat Universiteti dotsenti T.Raximov boshchiligida Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishida tahsil olayotgan bir guruh talabalar majmuada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Tanishuv davomida talabalar Atrof-muhit muhofazasi xizmati xodimlari bilan uchrashishdi. Uchrashuvda Atrof-muhit muhofazasi xizmati yetakchi muhandis ekologi P.Bozorov tomonidan sohaga doir majmuada olib borilayotgan ishlar yuzasidan umumiy ma’lumotlar berib o‘tildi va talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishib, tegishli javoblarni olishdi. Uchrashuv qizg‘in muhokamalar va savol-javoblarga boy bo‘ldi.

Tashrif yakunida Qarshi Qarshi Davlat Universiteti dotsenti T.Raximov va talabalar tomonidan majmua haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, berilgan ma’lumotlar hamda tushunchalar ularda katta taassurotlar qoldirganligini aytib o‘tishdi. Dotsent T.Raximov Atrof-muhit muhofazasi xizmati xodimlari tomonidan berilgan ma’lumot va tushunchalar talabalarga ishlab chiqarish jarayoni haqida yaqindan tanishishga yordam berganligini ta’kidlab o‘tdi.  

Talabalardan Egamberdiev Bobur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifoda etdi: Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi haqida ko‘p bora eshitganmiz lekin bugungi tashrif davomida yaqindan tanishish o‘zgacha bo‘ldi. Sulaymonov Javohir esa soha xodimlari tomonidan sodda, oddiy va tushinarli qilib berilgan ma’lumotlar juda qiziqarli bo‘lganligini aytib o‘tdi.

Uchrashuv so‘nggida talabalar shunday tadbirni tashkillashtirgan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ hamda Universitet rahbariyatiga chuqur minnadorchiliklarini bildirishdi. So‘ngra o‘qituvchilar va sohaga doir mutaxassislar kelgusida rejalashtirgan ishlarni muhokama qilishdi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz