“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig‘i bilan oliy o‘quv yurti bitiruvchilari hamda ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti bitiruvchilari uchun “Yoshlar bandligi-taraqqiyotga ilk qadam” mavzusida tashkil etilgan uchrashuvda ham “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi ham faol ishtirok etdi.
Uchrashuv doirasida mehnat yarmarkasi, kadrlar buyurtmachilari tomonidan taqdimotlar, mahorat darslari hamda seminarlar o‘tkazildi. Bunday uchrashuvlar neft va gaz korxonalari uchun kadrlarni saralab olish imkoniyatini ham oshiradi.
2020-yilda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi hamda Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti o‘tasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Ushbu hujjatga asosan mazkur oliygohda tahsil olayotgan talabalar uchun “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi stipendiyasi” ta’sis etildi.
Stipendiyani qo‘lga kiritish uchun o‘tkazilgan sinov imtihonlarda 200 nafardan ortiq talabalar ishtirok etishdi. Uchrashuv doirasida ikki bosqichli test va sinov imtihonlari asosida saralangan 15 nafar talabaga “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi stipendiyasi”ning maxsus sertifikatlarini topshirish marosimi ham o‘tkazildi.
Shuningdek, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga kirish istagini bildirgan talaba yoshlar ko‘rgazmalarda o‘zlariga kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Matbuot xizmati