“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari qurilish jarayoni va ishga tushirish sozlash oldi ishlarini yaqindan o‘rganish maqsadida “Uzbekistan GTL” zavodida bo‘ldi.
Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari qurilish maydonida bo‘lib, bu yerda ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar, yashash joylarining holati, olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari bilan yaqindan tanishdi va bu borada erishilayotgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni o‘rgandi. Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatidagi zavodning qurilish maydonida jadal suratlarda qurilish ishlari davom ettirilib, unda 4 ming nafarga yaqin mahalliy va xorijiy ishchilar, mutaxassislar o‘z mehnat faoliyatlarini olib borishmoqda.
Qurilish-montaj ishlarining uzluksizligini ta’minlash maqsadida mahalliy va xorijlik yangi mutaxassislarni jalb qilish, ular uchun barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“Enter Engineering Pte. Ltd.” kompaniyasi tomonidan qurilish-montaj ishlarini belgilangan muddatlarda yakunlash uchun, sentyabr oyida 5 mingga yaqin ishchilarni jalb etilayotganini inobatga olib, ularning salomatligini asrash, zarur sharoitlarni yaratish kerakligi ta’kidlandi.
Hozirda asosiy texnologik uskuna qurilmalarning 93 foizi qurilish maydoniga yetkazib berilgani, shundan, 73 % (yoki 34,1 ming tonnaga teng) zavodning texnologik hududida o‘rnatilgani holati ham o‘rganildi.
Asosiy texnik jihozlarning qolgan qismini olib kelish, qisqa fursatda o‘rnatish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriq va vazifalar belgilab berildi.
Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” “GTL” zavodida elektr energiyasi, xomashyo suv, yoqilg‘i gaz yetkazish ishlari, yong‘inga qarshi tizim va umumiy og‘irligi 8 ming tonnadan ziyod bo‘lgan Fisher-Tropsh reaktorlari bo‘yicha qilingan ishlar holati bilan ham tanishdi.
Asosiy texnologik qurilmalarning tasdiqlangan rejaga asosan qurilish jarayoni va ishga tushirish sozlash oldi ishlari tanqidiy tahlil qilindi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi “Uzbekistan GTL” MChJ, Bosh pudratchi – “Hyundai Engineering Ltd.” va “Enter Engineering Pte. Ltd.” konsortsiumi mas’ullari bilan qurilishni o‘z vaqtida yakunlashni muhokama qilishdi.
Suhbat davomida zavod qurilishini belgilanmagan muddatdan kechiktirmay tugallash, barcha texnik jihoz va resurslarni maksimal darajada jalb etish, joriy yilda ishga tushirilishini ta’minlash borasida ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu zavod ishga tushgach, yiliga 3,6 milliard kub metr tozalangan tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna neft kimyo sohasi uchun xomashyo bo‘lgan nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishiga erishiladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan