“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig‘i bilan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarning ishlab chiqarish quvvatini tiklash hamda tabiiy va suyultirilgan gazni qayta ishlash, saqlash qurilmalarda amalga oshiriladigan rejali ta’mirlash ishlarini sifatli va o‘z vaqtida ishga tushirish borasida bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan.
Habar qilinganidek, joriy yilning may oyidan boshlab Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining texnologik qurilmalarida reja asosida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ayni damda mazkur ta’mirlash ishlari o‘zining yakuniy bosqichiga yetdi.
Ishlab chiqarish texnologik qurilmalarida amalga oshirilayotgan joriy ta’mirlash ishlari doirasida 900 ga yaqin qurilma va uskunalar ochilib, texnik tekshiruvlardan o‘tkazildi va ta’mirlash ishlarining yakuniy bosqich jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, korxonadagi 118 dona issiqlik almashinish qurilmalari ochilib tozalangan holda suv bilan sinovdan o‘tkazildi va qayta yig‘ildi. Texnologik hududlardagi jami 31 dona nasos hamda 8 dona bug‘ turbinalar malakali mutaxassislar ishtirokida ochildi va texnik tekshiruvlardan o‘tkazilib, ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, 2 dona kompressorlarda joriy va to‘liq ta’mirlash ishlarining yakuniy bosqichlari amalga oshirilmoqda. Shuning bilan birga, 42 dona havo bilan sovitish qurilmalari hamda 318 dona har xil o‘lcham va bosimdagi klapan va zadvijkalarda joriy ta’mirlash ishlari, 233 dona bosim ostida ishlaydigan idishlarda texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi.
Shunindek, majmuada amalga oshirilayotgan joriy ta’mirlash ishlariga xorijiy bir qator kompaniyalar, jumladan, Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasi, Rossiya Federatsiyasining “Aesseal Rus”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Morgan Ceramics Middle East FZE” hamda “SIEMENS” kompaniyalarining jami 10 nafar mutaxassislari bilan bir qatorda, “Maxsusenergogaz” AJ hamda “Qurilish montaj va ta’mirlash boshqarmasi” UK kabi mahalliy kompaniyalarning 50 nafar malakali ishchi-xodimlari jalb etilgan.
Shu o‘rinda, joriy ta’mirlash ishlariga majmuaning mas’ul xodimlari tomonidan puxta tayyorgarlik ishlari olib borildi. Tayyorgarlik davomida Etilen ishlab chiqarish sexining asosiy qurilmalaridan hisoblangan piroliz pechini to‘liq ta’mirlandi. Ushbu pechning radiant qismidagi shisha tolali issiqlikka chidamli “ZIT” blok futerovka materiallari uzoq yillar davomida ishlatilib o‘z xususiyatini yo‘qotganligi sababli ularni modernizatsiya qilingan yangi turdagi sifatli piroblok futerovka materiallariga almashtirilmoqda. Ta’mirlash ishlari piroblok ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri bo‘lgan “Morgan Ceramics Middle East FZE” kompaniyasi vakillari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Shu qatorda, pirogaz kompressori, bug‘ turbinasi va etilen xladagent kompressori bug‘ turbinalarini to‘liq ta’mirlash ishlariga Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasining 2 nafar mutaxassisi jalb etilgan. Xorijlik mutaxassislar majmuaning malakali mutaxassislari hamda kompressor va bug‘ turbinalarni ta’mirlashga ixtisoslashgan “Maxsusenergogaz” AJning 20 nafar ishchi-xodimlari bilan hamkorlikda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Etilen ishlab chiqarish sexidagi “GT-1801” gaz turbinasining “PLC” komponentlari hamda boshqaruv tizimining modernizatsiya qilish ishlari “Siemens AG” kompaniyasi vakillari ishtirokida amalga oshirildi. Qariyib 20 yildan buyon to‘xtovsiz ishlatilib kelayotgan “AVV” kompaniyasining boshqaruv kontrollerlari o‘rniga yangi rusumdagi “Siemens” kompaniyasining “CJP-10”, “CJP-20” va “CJP-50” boshqaruv shkaflari, “S7-400” boshqaruv kontrollerlari va kirish-chiqish modullari o‘rnatildi.
Ta’kidlab o‘tish joizki, korxonaning mas’ul mutaxassislari hozirda amalga oshirilayotgan joriy ta’mirlash ishlarini sifatli amalga oshirgan holda qisqa muddatlarda majmuani ishga tushirishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan.
“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ Matbuot xizmati