“O‘zbekneftgaz”: Korporativ kredit reytingi olish uchun yirik xalqaro reyting agentliklari va “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilinmoqda


Korporativ kredit reytingi – bu Jamiyatning kreditga layoqatliligini baholash bo‘lib, bu investorlarga Jamiyatning qarz majburiyatlarini yoki to‘lamagan majburiyatlarini bajara olish imkoniyatini ko‘rsatadi.

Korporativ kredit reytingi reyting agentliklari (Standard & Poor's, Moody's va Fitch) tomonidan beriladi. Kredit reyting agentligi yoki kompaniyasi investorlarga kompaniyalar va mamlakatlarning kreditga layoqatliligini mustaqil, ob’ektiv baholash orqali ma’lum bir mamlakatga, investitsiya yoki qarz sarmoya kiritish qanchalik xavfli ekanligini hal qilishga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neftь-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4388-son Qaroriga muvofiq “O‘zbekneftgaz” AJga 2020 yil yakunidan boshlab xalqaro reyting agentliklari, moliyaviy va yuridik konsulьtantlar bilan hamkorlikda korporativ kredit reytingini olish vazifasi yuklatilgan.

Jamiyatning kredit reytingini olish choralarini ko‘rish maqsadida bugungi kunda Jamiyatning malakali xodimlari tarkibidan iborat mas’ul “Ishchi guruh” tuzilgan hamda chora- tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Bu borada, Jamiyat bilan doimiy hamkorlik olib boruvchi “Gazprombank” (Rossiya)ning Reyting maslahat markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlar amalga oshirilmoqda hamda videokonferents aloqa orqali muloqotlar o‘tkazilmoqda.

O‘tkazilgan muloqotlar davomida hamkorlar tomonidan Jamiyatning kredit reytingini olish uchun amalga oshirish lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan tushuntirish va takliflar berilmoqda.

Hozirgi kunda “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan Jamiyatning 2018-2019 yillar uchun MHXS (Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari) asosida tayyorlangan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotini tayyorlash ishlari yakuniga etmoqda.

Shuningdek, “DeGolyer&McNoughton” konsalting tashkiloti  va “KPMG” baholovchi kompaniyasi mutaxassislari tomonidan “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi uglevodorodlar zaxirasi hamda asosiy vositalarning qadrsizlanishi bo‘yicha hisobotlarni taqdim etish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda.

Barcha jarayonlar o‘z yakuniga etgach, Jamiyatning korporativ kredit reytingni olish yuzasidan dunyoning “katta uchlik” xalqaro reyting agentliklari (Standard & Poor’s, Moody’s va Fitch Rating) bilan muzokaralar olib borish rejalashtirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 


www.sgcc.uz