“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi bosh inshootida “Propan-butan ajratib olish 1-, 2- va 5-qurilmalarini modernizatsiya qilish” investitsiya loyihasi bo‘yicha yakuniy bosqichda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari bilan tanishdi.

Loyiha bo‘yicha ishlab chiqilgan texnik yechimlarga asosan mavjud propan-butan aralashmasini olish qurilmalarida tabiiy gaz tarkibidan propan-butan aralashmalarini ajratib olishni oshirishga qaratilgan modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Natijada, yiliga qo‘shimcha umumiy 61,0 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, mamlakatimiz aholisi, kommunal soha va sanoat ehtiyojlari talabini qondirishga yo‘naltiriladi.

Loyihani amalga oshirish uchun Ukrainaning “Sumskoe NPO”, Rossiyaning “KMPO”, “NIPI NG PETON”, “Elektrostandart-pribor”, Shveytsariyaning “Endress+Hauser” va boshqa chet el kompaniyalari bilan bir qatorda “O‘zbekkimyomash zavodi” AJ, "Uzpromarm" kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan uskunalarni xarid qilish bo‘yicha shartnomalar bo‘yicha texnologik apparatlar va uskunalar yetkazib berilmoqda.

Hozirgi kunga qadar loyiha bo‘yicha yetkazib berilayotgan uskunalardan va apparatlardan foydalanib, loyihada ko‘zda tutilgan tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bilan suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida, chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Propan-butan aralashmasi olish qurilmasi 2- va 5-navbatlarida separatorlar o‘rnatish, Deetanizator kolonnasi ichki elementlari o‘rniga yangi “Peton” kontakt elementlarini o‘rnatish, boshqaruv klapanlarini almashtirish, metanol purkash tizimini montaj qilish hamda boshqa texnologik yechimlar bo‘yicha ishlar bajarildi.

Bugungi kunda respublika iste’molini va kuz-qish mavsumida axolini suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi topshirig‘iga asosan qurilmalarni tezkorlikda ishga tushirish yuzasidan texnologik yechimlar ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda. Yetkazib berilgan texnologik apparatlar va uskunalarni o‘rnatish, tsexlararo asosiy quvurlarni montaj qilish ishlari 98 foizga bajarilib bo‘lingan.

Loyihaga ko‘ra, bir qator texnologik qurilmalarida ishga tushirish oldi sozlash ishlari va asosiy texnologik quvurlarni ulash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Qurilish-montaj ishlarini to‘liq yakunlab loyihani qisqa muddatda ishga tushirish uchun Boshqaruv raisi tomonidan tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi, ishlab chiqarish va qurilish montaj ishlari bilan bog‘liq bo‘lgan muammoli masalalarning yechimi yuzasidan mas’ul xodimlarga ko‘rsatmalar berildi.

Bosh pudratchi “Muborakneftgazmontaj” AJ tomonidan montaj ishlari jadal sur’atlarda davom ettirilmoqda.

Boshqaruv raisi tomonidan loyihani o‘z vaqtida ishga tushirish va kuz-qish mavsumida aholi hamda iqtisodiyot ehtiyojlarini qo‘shimcha suyultirilgan gaz bilan ta’minlash choralarini ko‘rish kerakligi ta’kidlab o‘tilib, mas’ul rahbarlarga yana bir bor, karantin cheklovlari bekor qilinmaganligi, balki yumshatilganini yodda tutish lozimligi, unga qat’iy amal qilgan holda loyiha doirasidagi ishlarni tashkil etish vazifalari berildi.


“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz